“Germany Trade & Invest”: O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalariga e’tibor qaratmoqda

Noyabr 08, 2026. 17:30 • 2 daq

• 97
“Germany Trade & Invest”: O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalariga e’tibor qaratmoqda

FRANKFURT-MAYN, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning tashqi savdo va investitsiyalar agentligi – “Germany Trade & Invest” (GTAI) portalida “O‘zbekiston gaz bilan bir qatorda shamol va quyosh energetikasiga ham tayanmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxiriga qadar mamlakatda 6,7 gigavattdan ortiq yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning qariyb yarmini quyosh va shamol stansiyalari tashkil etadi. Yirik loyihalarda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” va Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyalari ishtirok etmoqda. Qayta tiklanadigan energetika sohasiga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 2025-yil o‘rtalariga kelib 6 milliard dollarga yetdi.

2030-yilga qadar 220 kilovoltli to‘qqizta, 500 kilovoltli yettita podstansiya hamda 5 ming kilometrga yaqin elektr uzatish tarmoqlarini qurish ko‘zda tutilgan. Hukumat prognozlariga ko‘ra, ushbu muddatga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 129 milliard kilovatt-soatga yetadi, qayta tiklanadigan manbalarning ulushi esa 54 foizni tashkil qiladi. 

Shuningdek, mamlakat gaz generatsiyasini rivojlantirmoqda, “Rosatom” ishtirokida birinchi AES qurilishi loyihasiga kirishdi va Xitoy kompaniyalari bilan qiymati qariyb 933 million dollarlik chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha oltita loyihaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

GTAI germaniyalik kompaniyalar uchun muhandislik loyihalari, transformatorlar va yuqori kuchlanishli uskunalarni yetkazib berish, tarmoqlarni avtomatlashtirish va raqamli boshqarish sohalarida keng istiqbollarni ko‘rmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish