“Tatar-inform” AA: Samarqand tarix zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan noyob maskan

Noyabr 08, 2026. 13:00 • 2 daq

• 228
“Tatar-inform” AA: Samarqand tarix zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan noyob maskan

QOZON, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. “Tatar-inform” axborot agentligi saytida sharhlovchi Roman Badanovning O‘zbekistonga tashrifi taassurotlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif Samarqandning boy tarixiy merosi, uning noyob me’morchilik yodgorliklari, milliy an’analari, mahalliy aholining mehmondo‘stligi va o‘ziga xos o‘zbek milliy taomlari haqida hikoya qiladi. 

Xususan, maqolada Registon maydoni, Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Ulug‘bek rasadxonasi va Siyob bozori kabi diqqatga sazovor joylar batafsil tasvirlangan.

Jurnalist shahar muhiti, uning obod ko‘chalari, yashil xiyobonlari, ozodaligi va fuqarolarning ochiqko‘ngilligiga alohida e’tibor qaratgan. Muallif o‘zbekistonliklarning samimiy mehmondo‘stligi hamda milliy taomlar va sharq shirinliklarining xilma-xilligini e’tirof etgan.

Shuningdek, maqolada 21–22-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga investitsiyalar” butunjahon sammiti hamda 100 ta davlat ekspertlarini birlashtirgan bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress haqida so‘z yuritilgan. Muallif o‘quvchilarni “Silk Road” majmuasi va uning “Abadiy shahar” etnografik makoni bilan ham tanishtirgan.

Yakunda muallif Samarqandni Sharq va G‘arb madaniyatlari kesishadigan, asrlik tarix zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan noyob maskan sifatida ta’riflab, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish istagini bildirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish