“Global News Pakistan”: O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda

Noyabr 06, 2026. 16:30 • 3 daq

• 164
“Global News Pakistan”: O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda

ISLOMOBOD, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Global News Pakistan” axborot agentligi saytida “Sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik – xalqaro hamkorlik doirasida” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, joriy yil 6-noyabr kuni Ostona shahrida “Sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.

“O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – deb ta’kidlagan muallif. – Bunda SI texnologiyalari va ularni tartibga solish tizimi o‘zaro uyg‘un ravishda rivojlanib bormoqda. 2024-yil oktabr oyida 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi”.

Mazkur strategiyada SI asosidagi dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, ilmiy laboratoriyalar tashkil etish hamda SIga tayyorgarlik indeksi bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 50 ta davlati qatoridan joy olish maqsadlari belgilangani qayd etilgan. Maqolada, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil oktabr oyidagi tegishli farmoni bilan 2026-yil oxirigacha oliy ta’lim muassasalarida 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish vazifasi qo‘yilgani, 2026-yilda O‘zbekiston Sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti (WAICO)ga a’zo bo‘lgani xabar qilingan.

“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash alohida loyihalar doirasidan chiqib, tizimli foydalanish bosqichiga o‘tmoqda. 2026-yil iyul oyida “Raqamli hukumat” ma’lumotlar markazida NVIDIA texnologiyalari asosida yaratilgan birinchi superkompyuter foydalanishga topshirildi. U hisoblash quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egalladi. Dastlabki bir oy davomida hisoblash klasteriga tushgan yuklama 90 foizga yetdi. Bu esa sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanidan dalolat beradi. Kelgusi bir yil ichida ushbu quvvatlarni uch baravar oshirish rejalashtirilgan”, – deyilgan maqolada.

Shuningdek, Sun’iy intellektni joriy etishga tayyorgarlik reytingida O‘zbekiston 25 pog‘onaga yuqorilab, 62-o‘rinni egallaganini ma’lum qilingan. Bu xalqaro baholash natijalarida amalga oshirilayotgan ishlarning o‘z aksini topayotganini ko‘rsatadi. 2030-yilga qadar mazkur indeks bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 50 ta davlati qatoriga kirish maqsadi belgilangan.

Muallif o‘z maqolasiga “Ostonada “Sun’iy intellekt sohasidagi xavfsizlik” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston, balki boshqa davlatlar uchun ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Konferensiya davomida ushbu yo‘nalishda mavjud muammolarni hal etish yo‘llari muhokama qilinadi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan davlatlararo hamkorlik mexanizmlari taklif etiladi. O‘zbekiston esa to‘plangan tajribaga tayangan holda konferensiya ishiga va uning yakuniy qarorlarini ishlab chiqishga munosib hissa qo‘shadi”, – deya xulosa yasagan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish