“Global Korea Post”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekologik hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda

Avgust 01, 2026. 14:00 • 2 daq

115
“Global Korea Post”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekologik hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda

SEUL, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Global Korea Post” nashrida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: ekologik hamkorlikning yangi bosqichi va istiqbollari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ekologik hamkorlik izchil rivojlanib, ikki mamlakatning barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va bioxilmaxillikni muhofaza qilish sohalaridagi sherikligi yangi mazmun bilan boyib borayotgani tahlil qilingan.

Nashr muallifining qayd etishicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosi 1996-yilda imzolangan hukumatlararo bitim bilan yaratilgan bo‘lib, 2022–2025-yillarda bu yo‘nalishdagi amaliy hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Shu davrda tomonlar qor barsini muhofaza qilish, yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish, iqlim kun tartibini ilgari surish hamda ekologik taʼlim sohasida qator qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirgan. Xususan, 2024-yilda “Green University” uchun grant o‘rinlarini ajratish to‘g‘risida memorandum imzolanib, Xalqaro tog‘lar kuniga bag‘ishlangan qo‘shma tadbir tashkil etilgan.

Shuningdek, maqolada YUNESKOning “G‘arbiy Tyan-Shan” transchegaraviy meros obyektini asrash, qor barsini muhofaza qilishga qaratilgan memorandumlar hamda MDH, SHHT, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro ekologik tuzilmalar doirasidagi hamkorlik alohida tilga olingan.

Bundan tashqari, nashrda istiqbolli yo‘nalishlar sifatida Qirg‘izistonni Sirdaryo havzasida suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka kengroq jalb etish, shuningdek, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ko‘magida Markaziy Osiyo uchun ekologik samaradorlik bo‘yicha mintaqaviy sharhni tayyorlash tashabbuslari haqida so‘z yuritilgan.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ekologik sheriklik strategik xususiyat kasb etib, Markaziy Osiyoda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni asrash va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga xizmat qilmoqda”, - deya yakunlagan “Global Korea Post”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish