“Alayam” gazetasi: O‘zbekistonning Jahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilishiga sanoqli kunlar qoldi
Avgust 01, 2026. 10:00 • 2 daq
• 85
MANAMA, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Bahraynning ommabop “Alayam” gazetasida “O‘zbekistonning Jahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilishiga sanoqli kunlar qoldi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xalqaro shaxmat kunini munosib nishonlab, ushbu aql zakovat o‘yinining adolat, inklyuzivlik va o‘zaro hurmat qadriyatlarini mustahkamlashdagi o‘rnini alohida taʼkidladi. Shuningdek, 2026-yilning 15–27-sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro shaxmat federatsiyasining (FIDE) 46-Jahon shaxmat olimpiadasi eʼlon qilindi.
Maqolada qayd etilishicha, bu shaxmat sohasidagi dunyodagi eng yirik tadbir bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor o‘tkazilmoqda. “Ipak yo‘li” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli anjumanda Samarqand 200 ga yaqin milliy terma jamoalarni qabul qilishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning yetakchi xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha jahon markazlaridan biri sifatidagi ortib borayotgan obro‘-eʼtiborini namoyon etadi.
Muallifning yozishicha, O‘zbekistonning shaxmat sport turida erishayotgan muvaffaqiyatlari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yosh isteʼdodlarni rivojlantirish va ommaviylikni oshirishga qaratilgan uzoq muddatli sarmoyalar natijasidir. Bu saʼy-harakatlar eng yuqori xalqaro darajada raqobatlasha oladigan yangi shaxmatchilar avlodini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, nashrda ta’kidlanishicha, Shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda 2026-yilda o‘tkaziladigan muhim xalqaro sport tadbirlari silsilasida alohida o‘rin tutadi. Xususan, 8–10-oktyabr kunlari Toshkentda Suv sport turlari bo‘yicha xalqaro federatsiya shafeligida Johon kubogi, 12–25-oktyabr kunlari stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionati, 6–8-noyabr kunlari sambo bo‘yicha Jahon chempionati hamda 19–21-noyabr kunlari dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi