Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi Iordaniya OAVda keng yoritildi
Iyul 10, 2026. 13:00 • 2 daq
• 156AMMON, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Islom olami taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Iordaniyaning “Petra” davlat axborot agentligida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi haqida maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda qayd etilishicha, 6-iyul kuni Toshkentda ICESCO bosh direktori Salim al-Malik O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, hamkorlikning navbatdagi bosqichi uchun yangi qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashga kelishib oldi.
Shuningdek, o‘sha kuni ICESCO va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorlikda matbuot anjumanini o‘tkazib, forumda dunyoning 40 ta mamlakatidan 300 ga yaqin maʼruzachi ishtirok etishini eʼlon qilgani alohida taʼkidlangan.
“Petra” agentligining xabar berishicha, Iordaniya Oliy muftiysi doktor Ahmad al-Hasanat forumdagi nutqida islom sivilizatsiyasini ilm-fan, maʼrifat va rahmat majmuasi deb atadi hamda o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan buyuk olimlar — Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, al-Xorazmiy va Ibn Sinolarning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.
Forum doirasida Iordaniya Fatvo ishlari boshqarmasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni shayx Ahmad al-Hasanat va O‘zbekiston Fatvo markazi rahbari Nuriddin Xoliqnazarov imzoladi.
Kelishuv fatvo berish sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, konferensiyalar tashkil etish va tajriba almashishni, shuningdek, mazkur yo‘nalishda o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.
“Petra” agentligi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida batafsil maʼlumotnoma eʼlon qilib, uni Movarounnahr merosini qayta tiklashga qaratilgan xalqaro maydon sifatida eʼtirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




