Ozarbayjondan munosabat: Minskka tashrif O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi

Iyul 10, 2026. 15:30 • 4 daq

40
Ozarbayjondan munosabat: Minskka tashrif O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi

BOKU, 10-iyul /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik siyosiy sharhlovchi, xalqaro ekspert Murad Sadaddinov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidentining Belarusga amalga oshirgan tashrifi MDH hududidagi muhim siyosiy voqealardan biri hisoblanadi. Muzokaralar markazida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy sheriklik, transport-logistika va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari turdi.

Biroq mazkur tashrifning ahamiyati anʼanaviy diplomatik kun tartibidan ancha kengdir. Jahon miqyosidagi vaziyat shiddat bilan o‘zgarayotgan bir paytda bunday muhim uchrashuvlar Yevroosiyoda hamkorlikning yangi meʼmorchiligi shakllanayotganini aks ettirmoqda. Mazkur jarayonda davlatlar tobora ko‘proq pragmatizm, iqtisodiy samaradorlik va milliy manfaatlarini himoya qilish tamoyillariga tayanmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi keng ko‘lamli iqtisodiy transformatsiya davrini boshdan kechirayotgan hamda strategik sheriklar doirasini kengaytirishga intilayotgan O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston MDH hududidagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylandi. Mamlakat sanoatni modernizatsiya qilmoqda, xorijiy investitsiyalarni jalb etmoqda, eksport salohiyatini kengaytirmoqda hamda xalqaro iqtisodiy jarayonlarga izchil integratsiyalashmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Toshkentga yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish yechimlari va ishonchli bozorlar zarur.

Shu nuqtai nazardan, Belarus O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Murakkab xalqaro vaziyatga qaramay, Belarus qishloq xo‘jaligi texnikalari, yuk avtomobillari, karyer samosvallari, lift uskunalari, elektrotexnika va mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan qudratli sanoat majmuasini saqlab qolgan. Ushbu yo‘nalishlarning aksariyati O‘zbekiston iqtisodiyotini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish dasturi doirasida katta talabga ega.

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik oddiy savdo munosabatlaridan ancha ilgarilab ketgan. Gap qo‘shma korxonalar tashkil etish, Belarus texnikasini O‘zbekiston hududida mahalliylashtirish, mutaxassislar tayyorlash va texnologiyalar almashinuvi haqida bormoqda. Shuning uchun ham navbatdagi tashrif anʼanaviy savdo munosabatlaridan yana-da chuqur sanoat integratsiyasiga o‘tishning muhim bosqichiga aylandi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham katta istiqbollar ochilmoqda. O‘zbekiston agrar sohani izchil rivojlantirmoqda, yerga ishlov berishning zamonaviy usullarini joriy etmoqda va qishloq xo‘jaligi texnikalari parklarini yangilamoqda. Belarus bu sohada katta tajriba va ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lib, hamkorlikni o‘zaro manfaatli ruh bag‘ishlaydi.

Transport-logistika yo‘nalishi ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston anʼanaviy ravishda transport yo‘nalishlarini kengaytirish va yangi eksport yo‘laklarini yaratishdan manfaatdor. Sharqiy Yevropaning muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan Belarus o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish tizimida qo‘shimcha bo‘g‘inga aylanishi mumkin.

O‘zbekistonning demografik salohiyati ham muhim omil hisoblanadi. Mamlakat aholisi o‘sishda davom etmoqda. Bu ichki bozor hajmining kengayishi, infratuzilma, transport, qurilish va sanoat uskunalariga bo‘lgan ehtiyojning ortishini anglatadi.

Siyosiy nuqtai nazardan ham mazkur tashrif katta ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham, butun Yevroosiyo makonidagi sheriklar bilan ham munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p vektorli tashqi siyosatni izchil amalga oshirmoqda. Belarus bilan hamkorlikni rivojlantirish ushbu strategiyaga to‘la mos keladi.

Toshkent uchun nafaqat iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, balki milliy manfaatlarga asoslangan mustaqil va pragmatik tashqi siyosat yuritish qobiliyatini namoyon etish ham muhimdir. Shu bois Minskka tashrifni O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning asosiy markazlaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyasining bir qismi sifatida baholash lozim.

Boku nuqtai nazaridan ham bu jarayonlar alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Bugungi kunda Ozarbayjon va O‘zbekiston qardosh davlatlar hamda strategik sheriklar bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va ishonchli munosabatlar tufayli yuksak darajaga ko‘tarilgan.

Shuning uchun ham Ozarbayjonda Toshkentning xalqaro faolligi kengayib borayotgani, uning Yevroosiyo makonidagi mavqei mustahkamlanayotgani katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. O‘zbekiston olib borayotgan siyosat har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Minskdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha yangi investitsiyaviy, texnologik va ishlab chiqarish sohalariga oid kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun industriallashuvni jadallashtirish, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish