Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining eng istiqbolli uch sohasini qayd etdi

Iyul 10, 2026. 09:00 • 2 daq

113
Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining eng istiqbolli uch sohasini qayd etdi

MOSKVA, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Logistika, turizm va farmatsevtika sohalarida maqsadli islohotlarni amalga oshirish O‘zbekistonga 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berishi mumkin, deb xabar qilmoqda “Dunyo”AA muxbiri “Interfaks” agentligi maʼlumotiga tayanib.

Jahon bankining yangi tahliliy hisobotiga ko‘ra, aynan ushbu uch tarmoq xususiy kapitalni jalb etish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan eng yuqori salohiyatga ega hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishlarda aniq islohotlarni amalga oshirish mamlakatning raqobatbardosh, xususiy sektor yetakchilik qiladigan iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtiradi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Biroq “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, infratuzilma va tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etilgan.

Hujjatda logistika sohasida avtomobil yuk tashuvlari va ombor infratuzilmasini rivojlantirish eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida baholangan. Yer ajratish va qurilish tartib-taomillarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish hisobiga 950 million dollardan 1,05 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi taʼkidlangan. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning “O‘rta yo‘lak” xalqaro transport yo‘nalishidagi muhim savdo-tranzit markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Hisobotda turizm sohasida madaniy va ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta, hali to‘liq ishga solinmagan salohiyat mavjudligi qayd etilgan. Yer ijarasi mexanizmlarini takomillashtirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash va turistik obyektlarni boshqarish samaradorligini oshirish orqali 3,1 milliard dollardan 4,2 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Bu esa 120 mingdan 180 mingtagacha yangi ish o‘rinlarini yaratish, turistik oqimlarni diversifikatsiya qilish va sohaning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish