Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda

Iyul 10, 2026. 09:30 • 3 daq

98
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda
Belarusning yetakchi OAVlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik kengayayotganini yoritmoqda

MINSK, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Belarus ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifini keng yoritib, ikki tomonlama strategik sheriklikning jadal rivojlanayotgani, iqtisodiy hamkorlikning kengayayotgani va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarning mustahkamlanayotganini taʼkidlamoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Belarus OAVlari 6–8-iyul kunlari Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Belarus va O‘zbekiston hududlarining III forumiga alohida eʼtibor qaratdi. “SB. Belarus segodnya”, “Minsk-Novosti” kabi yetakchi nashrlar va MDH Ijroiya qo‘mitasi portali ushbu tadbir erishilgan kelishuvlardan aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga o‘tish uchun muhim maydon bo‘lganini taʼkidladi. Nashrlarda muhokamalarning asosiy yo‘nalishlari sanoat kooperatsiyasi, agrosanoat majmuasi, savdo, logistika, tibbiyot, turizm va gumanitar hamkorlik bo‘lgani alohida qayd etilgan.

Belarusning “BELTA” telegraf agentligi, MDH Ijroiya qo‘mitasining internet portali va boshqa axborot resurslari ham ikki mamlakat sanoat kooperatsiyasining rivojlanishini yoritmoqda. Nashrlarda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarning o‘rni qayd etilgan. Bunga misol sifatida Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda Nurafshon shahrida qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, kabel mahsulotlari va boshqa sanoat yo‘nalishlaridagi loyihalar keltirilgan.

Nashrlar agrosanoat sohasidagi o‘zaro hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratdi. “BELTA” agentligi 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi xomashyosi bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan Belarus va O‘zbekistonning qo‘shma ishlar rejasi tasdiqlanganini maʼlum qilgan.

Belarus OAVlari hududlararo aloqalarning rivojlanishiga ham eʼtibor qaratdi. “SB. Belarus segodnya” va “BELTA” nashrlari Farg‘ona, Navoiy, Xorazm va Jizzax viloyatlari delegatsiyalarining Belarus hududlariga tashriflari haqida xabar berdi. Ikki mamlakat vakillari qishloq xo‘jaligi, sanoat, qayta ishlash, texnika va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini yetkazib berish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

“BELTA” agentligi va mamlakatning eng qadimiy nashri bo‘lgan “Zvyazda” gazetasi Belarus va O‘zbekistonning zamonaviy sherikligi savdo munosabatlari doirasidan chiqib, yangi avlod texnologik hamkorligi tusini olayotganini taʼkidlagan. Nashrlar ikki xalq do‘stligining tarixiy asoslari, jumladan, Ikkinchi jahon urushi yillaridagi o‘zaro yordamga va 1966-yilgi zilziladan so‘ng Toshkentni tiklashda belaruslik mutaxassislarning ishtirokiga eʼtibor qaratgan.

Belarus OAVlarida turizm sohasidagi hamkorlik mavzusi muhim o‘rin egalladi. “BELTA” agentligi, “Odnako, jizn!” jurnali va boshqa ommabop internet-resurslar O‘zbekistonga kelayotgan belaruslik sayyohlar soni ortib borayotganini xabar qildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizga 32 mingdan ortiq Belarus fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–may oylarida bu ko‘rsatkich 14 ming kishidan oshgan. Nashrlar O‘zbekistonning turizm takliflari kengayayotgani, madaniy-maʼrifiy, gastronomik, ekologik va boshqa yo‘nalishlar rivojlanayotgani, shuningdek, ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalar faollashayotganini qayd etdi.

Belarus OAVlari ikki tomonlama munosabatlarning gumanitar jihatlarini ham yoritmoqda. “Belarus 24” telekanali va “Minsk-Novosti” agentligi Minskda O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda O‘zbek kinosi kunlari o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi. Tadbirlar doirasida Belarus jamoatchiligi O‘zbekiston sanʼati, kinematografiyasi, xalq hunarmandchiligi va madaniy anʼanalari bilan tanishmoqda.

Belarusning yetakchi bosma va elektron nashrlari sammit yakunlarini sarhisob qilar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash borasidagi qatʼiy intilishlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Oliy darajada erishilgan O‘zbekiston–Belarus kelishuvlari, imzolangan hujjatlar va belgilangan amaliy chora-tadbirlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va hududlararo sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishga qaratilgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish