“Azzaman” gazetasi: O‘zbekistonda 2027-yildan 73 turdagi dori vositasi bepul beriladi

Noyabr 03, 2026. 20:55 • 2 daq

• 117
“Azzaman” gazetasi: O‘zbekistonda 2027-yildan 73 turdagi dori vositasi bepul beriladi

AL-KUVAYT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “Azzaman” nashrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasidagi davlat dasturlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va kafolatlangan tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan islohotlar davom ettirilmoqda. Xususan, 2027-yildan boshlab fuqarolarga 73 turdagi dori vositasi bepul beriladi, shuningdek, 36 turdagi laboratoriya tahlillari va diagnostika xizmatlari bepul yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi. Yangi chora-tadbirlar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kengaytirish, kasalliklarni erta aniqlash va davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan. Hozirda kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi 60 turdagi dori vositasini o‘z ichiga oladi.

Islohotlar doirasida oilaviy poliklinikalar faoliyati takomillashtiriladi, yangi laboratoriyalar tashkil etiladi, shifokor va hamshiralarning malakasi oshiriladi. 2027-yil davomida yangi tizimni yana 15 ta tumanda joriy etish rejalashtirilgan.

Nashrning qayd etishicha, kasalliklarni erta aniqlash ham ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Xususan, saraton va yurak-qon tomir kasalliklarini barvaqt tashxislash dasturlari kengaytiriladi. Bu orqali kasalliklar tufayli yuzaga keladigan erta o‘lim holatlarini 15 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan. Dasturni amalga oshirish uchun 200 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida “Davolashdan profilaktikaga” tamoyilini keng joriy etish, tibbiyot muassasalarida xizmat ko‘rsatish sifati, bemorlar xavfsizligi va sanitariya talablarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi shifokor” va “Eng yaxshi hamshira” tanlovlari tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblariga 100 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berilishi, 2027-yilda esa viloyat bosqichi g‘oliblarini elektromobillar bilan taqdirlash rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish