Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori sifatli yonilg‘i ishlab chiqarish ko‘paytiriladi

Noyabr 03, 2026. 20:14 • 2 daq

• 50
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori sifatli yonilg‘i ishlab chiqarish ko‘paytiriladi

TOSHKENT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qorovulbozor tumanidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurib, korxonani modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zavod mamlakatimizda yonilg‘i mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri. Bu yerda 3 ming 200 nafardan ziyod mutaxassis mehnat qilmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida 1,36 million tonna, qiymati 12,1 trillion so‘m bo‘lgan neft mahsulotlari ishlab chiqarildi. Mahsulot hamda xizmatlar eksporti 99,5 million dollarni tashkil etdi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 116 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga taqdim etilgan modernizatsiya loyihasi xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirish bilan birga yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 328 million dollarni tashkil etadi.

Uning doirasida naftani gidrotozalash va izomerizatsiya qilish qurilmalari o‘rnatiladi. Gidrotozalash jarayonida xomashyo tarkibidagi oltingugurt va boshqa aralashmalar kamaytiriladi. Izomerizatsiya esa yengil fraksiyalardan olinadigan benzinning oktan sonini oshirish imkonini beradi. Mazkur jarayonlar Yevro-5 talablariga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun muhimdir.

Loyihada xomashyoni fraksiyalarga ajratish va og‘ir qoldiqlarni chuqur qayta ishlashni takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Natijada zavodning yillik qayta ishlash quvvatiga yana 2,5 million tonna qo‘shilib, umumiy quvvat 5 million tonnaga yetadi. Qayta ishlash hajmi va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning ortishi ichki bozor ta’minotini mustahkamlash, eksportni ko‘paytirish imkonini yaratadi.

Prezidentimiz modernizatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan bajarish, yangi qurilmalarni mavjud ishlab chiqarish jarayonlariga uyg‘un holda joriy etish hamda korxonaning barqaror faoliyatini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi hamda loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan muloqot qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish