AQShda “Arnold Sports Festival 2027” xalqaro sport festivalida “Turon” o‘zbek milliy yakkakurashi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi

Noyabr 04, 2026. 11:00 • 2 daq

• 15
AQShda “Arnold Sports Festival 2027” xalqaro sport festivalida “Turon” o‘zbek milliy yakkakurashi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi

NYU-YORK, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. 2027-yil mart oyida Ogayo shtatining Kolumbus shahrida o‘tkaziladigan “Arnold Sports Festival 2027” xalqaro sport festivali doirasida “Turon” o‘zbek milliy yakkakurashi bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Turon”ning AQShdagi yirik sport festivallaridan birining dasturiga kiritilishi O‘zbekistonning milliy yakkakurash turini xalqaro sport hamjamiyatiga namoyish etish va uning xorijdagi e’tirofini yanada kengaytirish imkonini beradi.

Musobaqa Nyu-Yorkda faoliyat yurituvchi “Turon” xalqaro federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va AQShdagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Hozirgi vaqtga kelib turnir nizomi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sportchilarning ishtirok etish shartlari, musobaqalarni o‘tkazish tartibi, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar va asosiy tashkiliy masalalar belgilab qo‘yilgan.

Bellashuvlarda turli mamlakatlardan sportchilar va sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Turnir nafaqat eng kuchli ishtirokchilarni aniqlash, balki xorijiy jamoatchilikni an’anaviy kurash usullari va xalqimizning ko‘p asrlik sport merosini o‘zida mujassam etgan o‘zbek yakkakurashi bilan yaqindan tanishtirish imkonini ham beradi.

Musobaqalar dasturidan tashqari, tashkilotchilar festival mehmonlarini mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston milliy madaniyati namunalarini ham namoyish etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Ayni paytda Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona, “Turon” xalqaro federatsiyasi va o‘zbek diasporasi faollari festival tashkilotchilari bilan birgalikda tadbirga tayyorgarlik ko‘rish hamda xorijiy ishtirokchilarni jalb etish ustida ish olib bormoqda.

Bunda O‘zbekistonning ishtiroki faqat sport musobaqalarini o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, balki mamlakatimizni AQShda yanada kengroq tanitish maydoniga aylanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Arnold Sports Festival” har yili butun dunyodan professional atletlar, sport ixlosmandlari va turli sport turlari vakillarini birlashtiradi. Arnold Shvarsenegger nomi bilan bog‘liq mazkur festival vaqt o‘tishi bilan bodibilding musobaqalari doirasidan chiqib, yirik xalqaro sport tadbiriga aylangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish