«Khyber Mail»: O‘zbekiston Turkiy davlatlar bilan raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda
Oktabr 03, 2026. 10:00 • 2 daq
• 178
ISLOMOBOD, 2-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Pokistonning ommabop «Khyber Mail» onlayn nashrida O‘zbekiston va turkiy davlatlar o‘rtasidagi raqamli hamkorlikka bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Materialda 2026-yil 15-may kuni Turkiston shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning norasmiy sammiti raqamli texnologiyalarning tobora ortib borayotgan ahamiyatini namoyon etgani qayd etilgan. «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish hamda yagona raqamli makon yaratish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
«O‘zbekiston rahbari mintaqadagi ma’lumotlar markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘lashga qaratilgan «Raqamli turkiy koridor» konsepsiyasini ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT a’zo davlatlari ishtirokida Texnologiyalar forumini o‘tkazishni taklif etdi», – deyilgan manbada.
Shuningdek, Turkistondagi sammitda O‘zbekiston yetakchisi yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga Tashkilotga a’zo boshqa davlatlarni ham qo‘shilishga chaqirgani ma’lum qilingan. Bu tashabbus milliy startap ekotizimlarini bir-biridan alohida rivojlantirishdan ko‘ra, ularni kapital, ekspertlik salohiyati va bozorlar orqali o‘zaro bog‘lashga qaratilgan amaliy yondashuvni anglatadi.
«Khyber Mail» xabar qilganidek, Toshkent shahrida «ICT Week Uzbekistan 2026» haftaligi doirasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi Texnologiyalar forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiyaning yetakchi texnologik parklari hamda innovatsiyalar agentliklari vakillarini birlashtirdi.
Tadbir doirasida «IT Park Uzbekistan», Ozarbayjon Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi, «Astana Hub», Qirg‘iz Respublikasi «High Technology Park» hamda «Bilişim Vadisi» o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston uchun Turkiy davlatlar bilan raqamli hamkorlik faqat IT-biznes bilan cheklanib qolmaydi. Elektron hukumat, telekommunikatsiya, ma’lumotlar almashinuvi va davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi