O‘zbekiston Prezidenti Daniya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Oktabr 02, 2026. 21:19 • 2 daq
• 55
TOSHKENT, 2-oktyabr. /«Dunyo»-AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussenni qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston – Daniya munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili Daniyaga O‘zbekistonning qarorgohi Stokgolm shahrida bo‘lgan ilk elchisi tayinlandi. Joriy yilda Daniya Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakilini tayinladi.
So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb besh barobar oshdi. Daniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda tog‘-kon, kimyo va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, Daniya investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va nou-xaularini energetika, farmatsevtika, transport va logistika, agrosanoat majmui hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida aloqalarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish uchun institutsional va shartnomaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi