“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston xalqaro biznes uchun ishonchli hamkor maqomini mustahkamlamoqda
Oktabr 02, 2026. 15:30 • 2 daq
• 156
ISLAMABAD, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “The Nation” nashrida “O‘zbekiston xalqaro biznes uchun uzoq muddatli istiqbolda barqaror va ishonchli hamkor maqomini mustahkamlamoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahrida mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan Ochiq muloqotining ahamiyati yoritilgan.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarining Ochiq muloqot davomida ilgari surgan tashabbuslari xalqaro ishbilarmon doiralar, xorijiy investorlar va transnatsional korporatsiyalar vakillari o‘rtasida katta qiziqish va keng rezonans uyg‘otdi.
“Ochiq muloqot xalqaro biznes hamjamiyati uchun aniq signal bo‘ldi, — deyiladi maqolada. — Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuv biznes muhitida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni sarhisob qilibgina qolmay, balki mamlakatimizning global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashuv, eksportni rag‘batlantirish va investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash borasidagi strategik kursini ham belgilab berdi”.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyot sohasida sezilarli o‘sishni namoyish etmoqda. Ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari soni qariyb ikki baravar ko‘payib, 530 mingdan oshdi, xususiy sektorda 2,4 millionta doimiy ish o‘rni yaratildi, eksport hajmi esa tarixiy yuqori darajaga yetdi.
Xivadagi muloqot natijalari O‘zbekistonning alohida islohotlardan barqaror institutsional kafolatlarni yaratish sari qat’iy qadam qo‘yganini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi