“Kierunek Kaukaz”: O‘zbekiston yangi xalqaro tranzit yo‘lagi bo‘yicha Osiyodagi hamkorlari bilan muzokara olib bormoqda
Iyun 15, 2026. 12:30 • 2 daq
• 76
VARSHAVA, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Kierunek Kaukaz” elektron portalida “O‘zbekiston Osiyodagi hamkorlari bilan tranzit yo‘lagi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Markaziy Osiyo davlatlarini Arab dengizi portlari bilan bog‘laydigan yangi tranzit yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha konseptual kelishuvga erishgan.
Polsha nashri O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda, hozirgi kunda mazkur strategik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotgani va yo‘lakning zarur o‘lchov ishlari boshlab yuborilganini ma’lum qilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, dengizga chiqish imkoniyatini beruvchi boshqa muqobil savdo yo‘nalishi – Eronning Bandar-Abbos port yo‘lagi hozirgi vaqtda Yaqin Sharqdagi beqaror va oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat tufayli ko‘rib chiqilayotgani yo‘q. Mintaqada saqlanib qolayotgan siyosiy keskinlik o‘rta muddatli istiqbolda Tehron orqali o‘tadigan har qanday savdo yo‘nalishlari uchun noaniqliklarni keltirib chiqaradi.
“Bizning asosiy maqsadimiz – Afg‘oniston orqali Pokistonga o‘tish hamda Karachi va Gvadar portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritishdir. Bu o‘zbek tomoni yaratishga intilayotgan mutlaqo yangi yo‘nalish hisoblanadi. Yangi transport yo‘laklari o‘z vaqtida va kechikishlarsiz barpo etilishi uchun Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari va hamkorlari bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur”, dedi Jasurbek Choriyev.
Shu bilan birga, polyak nashri uch tomonlama tranzit yo‘lagini barpo etishda bir qancha moliyaviy va geografik qiyinchiliklar mavjudligiga ham e’tibor qaratgan. Xususan, Afg‘onistonning tog‘li hududlari orqali yo‘l qurish va loyihani moliyalashtirishni kafolatlash muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlangan.
Maqola yakunida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda kuzatiladigan davriy keskinliklarga qaramay, ushbu savdo yo‘lagining hayotga tatbiq etilishi butun mintaqaning iqtisodiy bog‘liqligini ta’minlash va tranzit salohiyatini oshirishda tarixiy ahamiyatga ega ekani alohida qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi