“Kierunek Kaukaz”: O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi va TDT sammiti ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamladi

Noyabr 10, 2026. 16:00 • 2 daq

• 102
“Kierunek Kaukaz”: O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi va TDT sammiti ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamladi

VARSHAVA, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Kierunek Kaukaz” axborot-tahliliy portalida “Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston va Turkiya strategik sheriklikni mustahkamlamoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rejep Tayyip Erdog‘an taklifiga binoan Turkiyaga amalga oshirgan amaliy tashrifi turkiy dunyo davlatlari hamkorligini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi.

Anqara shahrida “Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” mavzusida o‘tkazilgan TDTning 13-sammitidagi ishtirok tashrifning asosiy voqeasi sifatida e’tirof etilgan.

Yetakchilar muzokaralari yakunida beshta hujjat imzolandi. Savdo preferensiyalarini kengaytirish, dastlabki bojxona ma’lumotlarini almashish, fuqarolarni ijtimoiy ta’minlash hamda yuqori darajadagi Biznesni qo‘llab-quvvatlash kengashini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvlar shular jumlasidandir.

2025-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,1 milliard dollarga yetdi. Prezidentlar bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Turkiyalik pudratchilar O‘zbekistonda umumiy qiymati 9,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 333 ta loyihani amalga oshirdi.

Maqolada Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari 100 ta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasi dasturini ishlab chiqish, Turkiy investitsiya jamg‘armasi resurslaridan yanada samarali foydalanish, O‘rta yo‘lakni, logistika markazlarining yagona tarmog‘ini hamda “TDT+” formatida uchinchi mamlakatlar bilan sheriklikni rivojlantirish taklifini ilgari surdi.

Qayd etilishicha, ushbu tashrif O‘zbekistonning mintaqaviy tashabbuslarda faol ishtirokchi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga intilayotganidan dalolat beradi.

Anqara uchun Toshkent bilan sheriklik Markaziy Osiyo siyosatining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Agar sammitda ilgari surilgan tashabbuslar amaliy loyihalarga aylansa, TDT mintaqaviy hamkorlik xaritasida o‘z o‘rnini yanada mustahkam va yorqin namoyon eta oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish