“Gulf Times” gazetasi: Inson huquq va qadr-qimmati O‘zbekiston yangilanishlarining ustuvor yo‘nalishidir
Noyabr 09, 2026. 17:30 • 2 daq
• 108
DOHA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qatarning nufuzli “Gulf Times” gazetasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning “O‘zbekiston islohotlar kun tartibining markazida inson qadr-qimmati” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun mamlakat taraqqiyoti faqatgina makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va qurilgan obyektlar bilan emas, balki insonlarning kundalik hayotidagi sifatli o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Hozirgi kurs O‘zbekistonni inson, uning hayoti, erkinligi, sharafi va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan ijtimoiy davlat sifatida e’lon qilgan 2023-yilgi Konstitutsiyaga asoslanadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, o‘tgan davr mobaynida mamlakatda 1,5 million o‘quv o‘rniga mo‘ljallangan maktablar, 342 ming bolalar bog‘chasi va 62 ming o‘rinli shifoxonalar barpo etildi, 8 milliondan ortiq kishi yashaydigan turar joylar markazlashgan suv tarmoqlariga ulandi. Inson va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi modeli – mahalla tizimi rivojlantirildi. “Mahalla yettiligi” muammolarni oila darajasida aniqlasa, “Inson” markazlari orqali fuqarolarga “yagona darcha” tamoyili asosida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Gender tengligi sohasida esa maishiy zo‘ravonlik va tajovuzlar uchun javobgarlik kuchaytirilgani qayd etilgan.
Maqolaning salmoqli qismi fuqarolik jamiyatiga bag‘ishlangan. NNTlar, huquq himoyachilari, jurnalistlar va blogerlar jamoatchilik nazoratida ishtirok etmoqda, ombudsman esa inson va davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, murojaatlarni ko‘rib chiqadi, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar beradi hamda jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini uyushtiradi.
Yakunda muallif Prezident tomonidan mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlab e’lon qilingan yettita milliy dasturni eslatib o‘tadi: bilim va ko‘nikmalar, sog‘lom hayot, yuqori texnologik iqtisodiyot, suv va ekologiyaga yangicha yondashuv, sudlar mustaqilligi va qonun ustuvorligi, mahalla rolini kengaytirish hamda O‘zbekistonning tinch va mehmondo‘st mamlakat siyosiy imijini mustahkamlash. Feruza Eshmatovaning fikricha, inson qadr-qimmatini hurmat qilish adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi va o‘zini-o‘zi qo‘llab-quvvatlaydigan demokratiya va taraqqiyotning “ijobiy halqasi”ni ishga tushiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi