“Komsomolskaya pravda”: O‘zbekistonda 737 mingdan ortiq kishi “Inson + sun’iy intellekt” dasturi bo‘yicha malaka oshirgan

Sentabr 25, 2026. 16:00 • 2 daq

• 110
“Komsomolskaya pravda”: O‘zbekistonda 737 mingdan ortiq kishi “Inson + sun’iy intellekt” dasturi bo‘yicha malaka oshirgan

MOSKVA, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasi O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini rivojlantirish va mamlakatning AQSh bilan texnologik hamkorligini kengaytirishga e’tibor qaratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

E’lon qilingan maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQShga tashrifi chog‘ida Amerika korporatsiyalari va moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar olib borgan.

Xususan, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuvda umumiy qiymati 900 million dollardan ziyod bo‘lgan qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish masalalari muhokama qilingan. Platforma 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston va Amerika moliya institutlari ishtirokida ishga tushirilgan.

Nashr “Google” bilan sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, bulutli texnologiyalar va katta ma’lumotlar sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 737 mingdan ortiq kishi “Inson + sun’iy intellekt” dasturi bo‘yicha malaka oshirgan.

2026-yil oktabr oyida O‘zbekistonda hozirda 12 ta mahalliy bankda sinovdan o‘tkazilayotgan “Google Pay” tizimini ishga tushirish rejalashtirilgani ma’lum qilingan. Bundan tashqari, “Google Cloud Gemini” til modellariga o‘zbek tilining joriy etilishi dasturchilarning milliy tilda raqamli mahsulotlar yaratish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

“Komsomolskaya pravda” nashrining baholashicha, ushbu loyihalar O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish va texnologik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish