O‘zbekistonda yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilmoqda

Sentabr 24, 2026. 18:00 • 2 daq

69
O‘zbekistonda yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilmoqda

KIYEV, 24-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston energetika vaziri Sherzod Xodjayev mamlakat 2030-yilga qadar shamol elektr stansiyalari quvvatini 12 ming MVtga yetkazish, barcha hududlarda elektr energiyasini saqlash tizimlarini yaratishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Interfaks-Ukraina” axborot agentligiga tayanib.

Sherzod Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, energiyani saqlash tizimlarining parametrlari va ishlash rejimlari hududlardagi energiya iste’molining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, yirik sanoat iste’molchilarining ehtiyojlariga moslashtiriladi.

Qayd etilishicha, yangi shamol energetikasi loyihalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 2030-yilga qadar quyosh elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvatini kamida 7 ming MVtga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Energetika vazirligiga investorlar bilan muzokaralarni jadallashtirish hamda amalga oshirilishi belgilangan muddatlardan ortda qolayotgan loyihalar bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish topshirildi. Investorlarni tanlash shaffof tanlov jarayonlari asosida amalga oshiriladi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistondagi elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 24,7 ming MVtni tashkil etgan. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 ming MVtdan oshgan bo‘lsa, gidroelektrostansiyalar quvvati qariyb 2,5 ming MVt bo‘lgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish