Kuvayt matbuoti: O‘zbekistonda shaharsozlik va ko‘chmas mulk sohasida yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Avgust 11, 2026. 19:36 • 2 daq
• 71AL-KUVAYT, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning yetakchi “Times Kuwait” va “Al Wakt News” nashrlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhiti, shaharsozlik va ko‘chmas mulk bozoridagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi.
Maqolalarda yozilishicha, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Mamlakatda aholi sonining ortishi, urbanizatsiya jarayonlarining tezlashishi yangi turar joylar, tijorat obyektlari va infratuzilma loyihalariga bo‘lgan talabning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 18,6 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Fuqarolik qurilishi loyihalari qiymati esa qariyb 8,1 milliard AQSh dollariga yetdi. Mamlakat aholisi 38 million kishidan oshgani va aholining 50 foizdan ortig‘i shaharlarda yashayotgani uy-joy va shahar infratuzilmasiga bo‘lgan talabning barqaror o‘sishini taʼminlamoqda.
2026-yilda 140 mingta yangi xonadon qurib bitkazish rejalashtirilayotgani ham investorlar uchun bozor ko‘lami va istiqbollarini namoyon etuvchi muhim ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda. Investorlar uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi mintaqalarda ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlari faqat turar joy qurilishi bilan cheklangani yo‘q. Ofislar, savdo majmualari, omborxonalar, taʼlim va tibbiyot obyektlari, mehmonxonalar, logistika va sanoat zonalari bunyod etilmoqda.
Maqolalarda O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlar bilan bir qatorda, investorlar eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan omillar ham xolisona tahlil qilingan. Jumladan, qurilish xarajatlarining o‘zgarishi, hududlar kesimida talabning farq qilishi, infratuzilma holati, yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari, loyihalarni amalga oshirishdan oldin huquqiy va texnik ekspertiza o‘tkazish zarurligiga urg‘u berilgan.
O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish, aholi va shaharlar sonining ko‘payishi, infratuzilmaga investitsiyalarning ortishi ko‘chmas mulk bozorining uzoq muddatli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratayotgani xulosa qilingan.
Ayni paytda bozorning keyingi bosqichida investitsiya loyihalarining sifati, joylashuvi, moliyalashtirish mexanizmlari va professional boshqaruvi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

