“Network News Pakistan”: 2025-yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi
Avgust 10, 2026. 15:00 • 2 daq
• 167
ISLOMOBOD, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026-yilga qadar iqtisodiy taʼsirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani taʼkidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025-yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036-yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi