“Target” jurnali: O‘zbekiston Markaziy Osiyo turizm bozorida yetakchilik qilmoqda

Avgust 11, 2026. 16:30 • 2 daq

135
“Target” jurnali: O‘zbekiston Markaziy Osiyo turizm bozorida yetakchilik qilmoqda

PEKIN, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Target” sayyohlik jurnalida “O‘zbekiston Markaziy Osiyoda turizmni rivojlantirish surʼatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Jahon sayohat va turizm kengashining (WTTC) “Travel & Tourism Economic Impact Research 2026” hisoboti natijalari keltirilib, unga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo turizm sohasi eng tez surʼatlarda o‘sgan dunyo mintaqasiga aylangani qayd etilgan.

Hisobotda mintaqa turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi, sohaning bevosita taʼsiri va turistik xizmatlar eksporti o‘sishi bo‘yicha bir qator asosiy ko‘rsatkichlarda jahonda yetakchilik qilgani taʼkidlangan. O‘zbekiston esa ushbu mezonlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallagan.

Xususan, 2025-yilda Markaziy Osiyoda turizmning YAIMga umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasi 19,6 foizga oshgan. Turistik xizmatlar eksporti 9,9 milliard dollarga yetgan va bir yilda 26,4 foizga o‘sgan. Uning qariyb yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelib, mamlakat 4,8 milliard dollarlik turistik xizmatlar eksportini amalga oshirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston 2025-yilda Markaziy Osiyo aholisi uchun mintaqadagi eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘lgani qayd etilgan. Bu mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va mintaqa sayyohlari uchun yuqori jozibadorligi bilan izohlangan.

Materialda Markaziy Osiyoda yagona turistik makonni shakllantirish istiqbollariga ham eʼtibor qaratilgan. WTTC ekspertlari chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, aviaqatnovlar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratish hamda mintaqani yagona turistik manzil sifatida targ‘ib qilish xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlagan.

WTTC tahlillariga ko‘ra, 2036-yilga borib, Markaziy Osiyo turizm sohasining iqtisodiyotga umumiy hissasi 29,7 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish