“Liga Hispano Arabe”: O‘zbekiston va Misr agrar sohadagi qo‘shma loyihalarni kengaytirmoqda

Sentabr 23, 2026. 13:00 • 2 daq

147
“Liga Hispano Arabe”: O‘zbekiston va Misr agrar sohadagi qo‘shma loyihalarni kengaytirmoqda

QOHIRA, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Liga Hispano Arabe” nashrida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O‘zbekiston–Misr hamkorligini kengaytirishga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda xabar qilinishicha, Misr qishloq xo‘jaligi va yerlarni melioratsiya qilish vaziri Alaa Faruk O‘zbekistonning yuqori martabali hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda agrar sohadagi qo‘shma faoliyat istiqbollari va ikki tomonlama investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Alaa Faruk o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, rahbariyatning barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun iqtisodiy va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlar doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Misr agrar sektoridagi keng ko‘lamli taraqqiyotni yuqori baholab, Misrning urug‘chilik sohasidagi tajribasi va zamonaviy texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘zlashtirishga qiziqish bildirdi.

Maqolada yozilishicha, tomonlar chorvachilik, veterinariya va amaliy ilmiy tadqiqotlar sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. 

Shu bilan birga, davlat muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xususiy sektor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri sheriklik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro tashriflarni tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish