O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining qo‘shma loyihalari portfeli 27 milliard dollardan oshdi
Sentabr 22, 2026. 18:00 • 2 daq
• 118
AR-RIYOZ, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Nodirjon Turg‘unov Saudiya Arabistonining yetakchi “Okaz” gazetasiga intervyu berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat nashrning Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taxtga o‘tirganining 12-yilligiga bag‘ishlangan maxsus sonida chop etildi.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy, investitsiyaviy, energetika, savdo-iqtisodiy va turizm sohalarini qamrab olmoqda.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda siyosiy ishonchning yuqori darajasi va ikki davlat rahbariyatlari o‘rtasidagi muntazam aloqalar muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Saudiya Arabistoni Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon o‘rtasidagi munosabatlar alohida ahamiyatga ega.
Intervyuda investitsiyaviy hamkorlikka katta e’tibor qaratilgan. Qo‘shma loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi, joriy yil yakuniga qadar esa ushbu ko‘rsatkich 30 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Energetika sohasi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasi, energiyani saqlash hamda “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Ularning umumiy hajmi taxminan 15 milliard dollarga baholanmoqda.
Transport sohasidagi hamkorlik ham rivojlanmoqda. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Uzbekistan Airports” va “Vision Invest” kompaniyalari o‘rtasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha bitim imzolandi. Loyihaning birinchi bosqichida taxminan 3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Elchi, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, Saudiya Arabistoni bozoriga O‘zbekiston meva-sabzavotlari va boshqa mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Turizm sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishdan manfaatdor. Bunga xizmat qiluvchi omillardan biri Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz rejimning joriy etilganidir.
Investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni, energetika va turizm sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, siyosiy muloqotni mustahkamlash O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratayotgani alohida ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi