“London Post”: 25–27-noyabr kunlari “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar markazida 31-“Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026” yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

Noyabr 21, 2026. 18:00 • 2 daq

• 93
“London Post”: 25–27-noyabr kunlari “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar markazida 31-“Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026” yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

LONDON, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “London Post” onlayn nashrida bo‘lajak Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiga bag‘ishlangan “Barcha yo‘llar Toshkentga olib boradi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, 25–27-noyabr kunlari “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar markazida 31-“Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026” yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarbayjon, Belarus, Vetnam, Germaniya, Hindiston, Malayziya, Maldiv orollari, Niderlandiya, Tailand, Turkiya va Chexiya kabi davlatlardan kompaniyalar ishtirok etishini tasdiqlagan.

Tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Qo‘mita huzuridagi Milliy PR-markaz va “Iteca Exhibitions” kompaniyasi tomonidan BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UN Tourism) ishtirokida tashkil etilmoqda. Nashr TITF yarmarkasini Markaziy Osiyo turizm sohasidagi eng muhim voqealardan biri hamda davlat, biznes va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi muloqot maydoni sifatida ta’riflaydi.

Joriy yilgi tadbirning markaziy voqeasi Xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘ladi. Unda soha vakillari, investorlar va hamkorlar turizm yo‘nalishidagi investitsiyaviy loyihalar hamda hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qiladilar.

Yarmarkada yangi yo‘nalish va marshrutlar, turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxona va kurortlarning maxsus takliflari, sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish dam olish maskanlari, ekologik va gastronomik turizm, shuningdek, sayohatchilar uchun raqamli xizmatlar namoyish etiladi. Dasturdan davlatlar va hududlar taqdimotlari, B2B uchrashuvlar, ekspertlar ishtirokidagi panel muhokamalari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi hamda milliy taomlarning gastronomik taqdimotlari o‘rin olgan.

Nashrda ta’kidlanishicha, ushbu yarmarka mutaxassislarga turli mamlakatlarning milliy turizm tashkilotlari va kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, sayohatchilarga esa uch kun davomida o‘nlab yo‘nalishlar bilan tanishish hamda turoperator va aviakompaniyalar takliflarini o‘zaro solishtirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish