O‘zbekiston va Iordaniya strategik hamkorligining yangi istiqbollari belgilanmoqda
Noyabr 20, 2026. 21:00 • 2 daq
• 126ISLOMOBOD, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” nashri hamda “Infora News” portalida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda ta’kidlanishicha, Iordaniya bilan hamkorlik O‘zbekistonning qator strategik manfaatlariga xizmat qiladi. Xususan, sheriklik aloqalari kimyo sanoati, farmatsevtika, tog‘-kon sanoati va suvni tejash texnologiyalari sohalaridagi tajriba va bilimlardan foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlari bilan aloqalarni kengaytiradi. Iordaniya uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik Markaziy Osiyoning iqtisodiy makonida faoliyat yuritish va sanoat loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi.
Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda ular yangi ko‘lam va mazmun kasb etmoqda. Munosabatlarning yangi bosqichidagi muhim burilish nuqtasi 2025-yil 25–26-avgust kunlari Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn Al-Husaynning Samarqandga amalga oshirgan davlat tashrifi bo‘ldi.
Maqolalarda O‘zbekiston–Iordaniya munosabatlarida savdo-iqtisodiy kooperatsiya muhim o‘rin egallashi ta’kidlangan.
“2021–2025-yillar davomida ikki tomonlama savdo hajmi 8,5 barobarga oshdi.-2025-yilda ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 79,2 foizga o‘sdi. Mazkur tendensiya ishbilarmonlik aloqalarining faollashayotganini ko‘rsatadi”, – deya yozilgan materiallarda.
2026-yilda kelishilgan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi 300 ta tovar toifasini qamrab oladi. Bitimda nazarda tutilgan imtiyozlarni joriy etish mahsulot yetkazib berish hajmini kengaytirish va uning turlarini diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.
Mualliflar ayni paytda Iordaniyada O‘zbekiston savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilayotgani xususida ham ma’lumot bergan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

