“London Post”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
Aprel 19, 2026. 09:10 • 2 daq
• 231
LONDON, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning nufuzli “London Post” nashrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani haqida tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning ma’lum qilishicha, 2026-yil 13-aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida tan olinib, Guinness World Records (Ginnesning rekordlar kitobi) maxsus mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Tantanali marosimda Ginnesning rekordlar kitobi rasmiy vakili va hakami Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga to‘la javob berishini alohida ta’kidlagan.
Maqolada ta’kidlanishicha, ushbu muhtasham majmua O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik mega-loyihasi bo‘lib, unga 2017-yilda tamal toshi qo‘yilgan va 2026-yil 17-martda to‘liq yakunlangan. Markaz Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniy-ma’rifiy platformasi bo‘lib, unda ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalar yagona makonda mujassamlashgan.
Guinness World Records vakili Sheyda Subashi o‘z nutqida Markazdagi har bir eksponat islom arxeologiyasi, san’ati va fani bo‘yicha mutaxassislar tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilganini va bu majmua hayratlanarli ekanini ta’kidladi.
Markaz bosh arxitektori Abduqahhor Turdiyevning fikricha, bino me’morchiligi O‘zbekistonning boy madaniyatini aks ettirish bilan birga, mamlakatning sivilizatsiyalararo global muloqotdagi yetakchi rolini ham namoyish etadi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ushbu mukofot Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy adolatni tiklash va islom dinining ezgulik, tinchlik hamda ma’rifat dini ekanini dunyoga targ‘ib etish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlariga berilgan xalqaro baho ekanini qayd etdi. Bugungi kunda Markaz mintaqadagi eng gavjum maskanlardan biriga aylanib, har kuni 5 mingga yaqin mahalliy va xorijiy mehmonlarni qabul qilmoqda.
“London Post” nashrining xulosa qilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazining Ginnes rekordchisiga aylanishi O‘zbekistonning jahon turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi hamda mamlakatni islom ilm-fani va madaniyatining eng muhim markazlaridan biri sifatida qayta kashf etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi