Logo

O‘zbekiston va Qatar qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirmoqda

Aprel 17, 2026. 12:20 • 2 daq

241
O‘zbekiston va Qatar qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Qatar qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirmoqda

DOHA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Qatarning “Business Leaders” jurnalida O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati va O‘zbekiston–Qatar munosabatlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Qatarning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kuchli signal beradi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayevning eksklyuziv sharhi keltirilgan bo‘lib, u qisqa vaqt ichida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda Dohada O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi ochilganidan keyin hamkorlik yanada tizimli, faol va aniq natijalarga yo‘naltirilgan bo‘ldi.

Maqolada investitsiya yo‘nalishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼkidlanishicha, nafaqat investitsiyalar hajmi, balki ularning ishonchni shakllantirishdagi ahamiyati ham asosiy rol o‘ynaydi. Shu maʼnoda, Qatarning “Nebras Power” kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi mamlakat energetika infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam va boshqa xalqaro investorlar uchun signal bo‘lgani taʼkidlandi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani maʼlum qilindi. Ayni paytda transport infratuzilmasi, ko‘chmas mulk, turizm, taʼlim, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalaridagi tashabbuslar bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston investitsiya muhitini izchil mustahkamlamoqda. 2017-yildan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb etildi. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulotni ikki barobarga oshirish maqsadiga erishish uchun qariyb 200 milliard dollar sarmoya talab etiladi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilishicha, “Web Summit 2025”da “Invest Qatar” bilan erishilgan kelishuvlar AKT sohasida barqaror hamkorlikni shakllantirish uchun asos bo‘ldi. O‘zbekiston investorlar uchun qulay shart-sharoitlarga, jumladan, soliq imtiyozlari va xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga ega mintaqaviy makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Diplomatning taʼkidlashicha, kelgusi ikki yilda tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, infratuzilma va energetika loyihalarini rivojlantirish, savdo va logistika aloqalarini kengaytirish, shuningdek, innovatsiyalar, moliya va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilishga eʼtibor qaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish