Jahon matbuoti O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning AQSH uchun strategik ahamiyati ortib borayotganini yoritmoqda
Oktabr 18, 2026. 16:56 • 2 daq
• 177
TOSHKENT, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. AQSH davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi hamda uning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari va Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvidagi ishtiroki yetakchi xalqaro OAV e’tiborini tortdi, deb xabar bermoqda “Dunyo» AA muxbiri.
Xususan, “Reuters”, “AFP” agentliklari, “Yahoo News”, “Barron’s” yangiliklar portallari, “Eurasia Review” tahliliy portali, Amerikaning “MSN” radiosi, Fransiyaning “TV5 Monde” telekanali va Italiyaning “Internazionale” onlayn nashri ushbu tashrif haqida AQSHning Markaziy Osiyodagi diplomatiyasi faollashuvi, mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash nuqtayi nazaridan yozmoqda.
Bir qator yetakchi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa mamlakatlar uchun istiqbolli hamkor sifatidagi ahamiyati ortib borayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, “Reuters” tashrifni pragmatik nuqtayi nazardan tahlil qilib, AQSH tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning o‘rni ortib borayotganiga urg‘u bergan. Maqolada ta’kidlanishicha, tabiiy resurslarga boy mintaqa Vashingtonda, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish borasida tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Materiallari “Yahoo News” va “Barron’s” tomonidan ham chop etilgan “AFP” agentligi o‘zgaruvchan xalqaro vaziyat fonida AQSHning o‘z strategik ishtirokini kengaytirish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilishiga alohida e’tibor qaratgan.
Shuningdek, xorijiy OAV Marko Rubioning tashrifini keng mintaqaviy ko‘lamda ko‘rib chiqmoqda. Samarqandda “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatidagi vazirlar uchrashuvining o‘tkazilishiga alohida ahamiyat berilmoqda. Zero, uning doirasida Vashington va mintaqaning beshta davlati umumiy ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qiladi.
Umuman olganda, tashrifning xalqaro OAVda yoritilishi AQSH tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyoga bo‘lgan e’tibor ortib borayotganini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi