“Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish qilindi
Avgust 05, 2026. 18:00 • 2 daq
• 118
ISLOMOBOD, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Urdu tilida namoyish qilingan mazkur teleloyiha I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ishtirok etgan “Discover Pakistan” ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan.
Unda forumning asosiy natijalari, uning xalqaro ahamiyati va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlari xususida so‘z yuritildi.
Efir davomida forum turli mamlakatlardan kelgan taniqli olimlar, dinshunoslar, davlat va jamoat arboblarini bir maydonga jamlagan nufuzli xalqaro muloqot platformasi sifatida eʼtirof etildi. Muallif taʼkidlanganidek, anjuman diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, maʼrifiy islom g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼnaviy-maʼrifiy yondashuvlarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
Ko‘rsatuvda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda islom madaniyati va sivilizatsiyasiga oid boy merosni xalqaro maydonda targ‘ib etish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Samarqand, Toshkent va Termiz kabi ilm-fan markazlarining jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Ko‘rsatuvda forum ishtirokchilari bo‘lgan bir qator xorijiy olimlarning intervyulari ham o‘rin olgan. Xorijiy ekspertlar mazkur forum mamlakatlar va turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
Teledastur boshlovchisi aytganidek, forum doirasida qabul qilingan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda va ular ilm-fan, taʼlim va madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi. “O‘zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda xalqaro muloqot maydonlarini tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi”, – deya taʼkidlagan muallif.
“Discover Pakistan” telekanali orqali efirga uzatilgan mazkur ko‘rsatuv Pokiston jamoatchiligini O‘zbekistonning boy maʼnaviy-maʼrifiy merosi va I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi