"Simin Xendjon Sinmun": O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda

Avgust 05, 2026. 15:30 • 2 daq

86
"Simin Xendjon Sinmun": O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda

SEUL, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning "Simin Xendjon Sinmun" (“Citizenadmnews”) nashrida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada madaniyat xalqlarni yaqinlashtirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va davlatlar o‘rtasida ishonch muhitini shakllantirishning eng samarali vositalaridan biri ekani taʼkidlangan. Qayd etilishicha, aynan madaniy almashinuv orqali har bir xalqning boy tarixi, maʼnaviy qadriyatlari va ijodiy salohiyati namoyon bo‘ladi.

Nashrda O‘zbekistonning ochiq va o‘zaro manfaatli tashqi siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatning xalqaro madaniy aloqalari izchil rivojlanayotgani alohida qayd etilgan. Shuningdek, madaniy diplomatiya respublikaning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlangan.

Muallifning yozishicha, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniyat, taʼlim, ilm-fan hamda tarixiy-madaniy merosni asrash sohalaridagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Xususan, 2017 yildan boshlab ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, Toshkentda amerikalik dirijyorlar, musiqachilar va professorlar ishtirokida konsertlar hamda mahorat darslari tashkil etildi. Shu bilan birga, ikki mamlakat taʼlim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yildi.

Materialda taʼlim sohasidagi qo‘shma loyihalarning ahamiyatiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Misol sifatida Michigan davlat universiteti musiqa kolleji professorlari tomonidan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkazilgan mahorat darslari, R.Glier nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi bilan Minnesota shtatidagi “Bemidji State University” o‘rtasidagi hamkorlik keltirilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi madaniy hamkorlik alohida festivallar va konsertlar doirasidan chiqib, taʼlim, restavratsiya, xalq amaliy sanʼati, milliy raqs, maqom sanʼati hamda kreativ industriyalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oldi.

Nashrda taʼkidlanishicha, bugungi kunda madaniyat nafaqat maʼnaviy boylik, balki iqtisodiy taraqqiyotning ham muhim omillaridan biri hisoblanadi. Kino, musiqa, turizm, hunarmandchilik va xalqaro madaniy loyihalar mamlakatlar hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish