Logo

Pokiston OAV: Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatlarga hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda

Fevral 28, 2026. 10:00 • 3 daq

162
Pokiston OAV: Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatlarga hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda
Pokiston OAV: Rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatlarga hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda

ISLOMOBOD, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston bilan munosabatlarining holati va istiqbollariga bag‘ishlangan maqolalarni eʼlon qilishda davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning «DNA» axborot agentligi, «Daily Ittehad», «Daily Independent», «Islamabad Post» gazetalarida, «Centreline» jurnalida, «World News Pakistan», «The Gulf Observer», «Sub News», «Infora News», «The Diplomatic Insight», «MNN NEWS», «Diplomatic Affairs», «Cpec News», «Daily Sub News», «Margalla Tribune», «Network News Pakistan», «Media Online Today», «Khyber Mail» va boshqa elektron nashrlarida O‘zbekiston Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi esperti Bekzod Alimjonovning «O‘zbekiston va Pokiston do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlamoqda» sarlavhali maqolasini chop etildi.

Muallifning yozishicha, O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlaridayoq Pokiston bu tarixiy voqeani katta hayajon bilan qarshi olgan. Uzoq yurtdagi insonlar tomonidan O‘zbekiston mustaqilligini samimiy qabul qilingani ham quvonarli, ham biroz hayratlanarli hol edi.

«Keyinchalik Pokistonga qilgan safarim davomida men shu samimiy munosabatni yana bir bor his qildim. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, maʼnaviy yaqinlikni, pokistonlik do‘stlarimizning quvonchlarimizga sherik bo‘lib, qiyin paytlarda ham yelkadosh bo‘lishga tayyor ekanini yaqqol sezdim, – deb yozgan u. – Vaqt o‘tishi bilan angladimki, bu yaqinlik asrlar davomida shakllangan. Bugungi O‘zbekiston hududlaridan chiqqan sayohatchilar savdo-sotiq va ziyorat maqsadida Hindiston yarimoroli tomon yo‘l olganlar va shu tariqa mustahkam aloqalarga poydevor qo‘yganlar. Buyuk ipak yo‘li merosi va tasavvuf anʼanalari taʼsiri bilan boyigan tarixiy, madaniy va maʼnaviy rishtalar xalqlarimiz o‘rtasida chuqur va bardavom do‘stlikni shakllantirgan».

Taʼkidlanishicha, xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirishda Zahiriddin Muhammad Boburning mushtarak merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Uning boy tarixi va merosi ham O‘zbekiston, ham Pokiston uchun muhimdir. Ushbu umumiy meros anʼanalarimiz, tillarimiz va madaniy dunyoqarashimizdagi o‘xshashliklarga zamin yaratgan.

Ikki tomonlama munosabatlar izchil ravishda kengayib borib, 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu esa munosabatlar chuqurlashib borayotgani, hamkorlik qamrovi kengaygani va yangi yo‘nalishlar qo‘shilayotganining yorqin ifodasidir.

Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi espertiga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning izchil mustahkamlanishida ikki davlat rahbarlari — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning qatʼiy siyosiy irodasi hamda ular o‘rtasida shakllangan ishonchli va konstruktiv muloqot muhim o‘rin tutmoqda. Bu esa o‘zaro anglashuvni yana-da chuqurlashtirish va ko‘p yillik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni aks ettiradi.

So‘nggi o‘n yillik davomida O‘zbekiston va Pokiston siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mudofaa va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muvofiqlashuvni mustahkamlash yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishdi.

Bugungi kunda rasmiy Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarga hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Institutsional aloqalar mustahkamlandi, siyosiy ishonch oshdi, ikki mamlakat davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik yana-da jadal tus olmoqda.

«Mintaqadagi vaziyat tobora qulaylashayotgan sharoitda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqadorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, O‘zbekistonni Pokiston dengiz portlari bilan bog‘lashga qaratilgan yirik loyiha ilgari surilmoqda. Yuqori darajadagi muloqot va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilib, qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda», – deya qayd etilgan materialda.

Muallif maqolasi xulosasida taʼkidlaganidek, O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda izchil rivojlanmoqda. Bu nafaqat do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni aks ettiradi, balki uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochib, keng mintaqada barqarorlik va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish