Logo

TIV: 5-mart soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga 9361 nafar vatandosh evakuatsiya qilingan

Mart 05, 2026. 12:49 • 2 daq

37
TIV: 5-mart soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga 9361 nafar vatandosh evakuatsiya qilingan

TOSHKENT, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bugun o‘zining telegram-kanali orqali Yaqin Sharq mamlakatlaridan vatandoshlarni evakuatsiya qilish bilan bog‘liq OAV savoliga javob berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Savol: Mintaqa mamlakatlaridan bugunga qadar nechta O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanga qaytarildi va ularning evakuatsiyasi qanday asosda amalga oshirilmoqda?

Javob: 1-martdan 5-mart soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonga jami 9 361 nafar vatandoshimiz evakuatsiya qilindi.

Saudiya Arabistonidan muntazam hamda qo‘shimcha charter reyslar orqali 8 114 nafar hamyurtimiz Vatanga qaytarildi.

Birlashgan Arab Amirliklaridan hozirgi kungacha 1 192 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.

Erondan 23 nafar, Bahrayndan esa 25 nafar, O‘mondan 7 nafar yurtdoshimiz vatanga xavfsiz keltirildi.

Vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarilmoqda.

Ayni paytda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lib turgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda.

Mintaqaning boshqa davlatlarida havo hududi ochilishi bilan mazkur tadbirlar tezkor ravishda tashkil etiladi va davom ettiriladi.

Fuqarolarimizni xotirjamlikni saqlashga, vahimaga berilmaslikka va vazmin harakatlanishga chaqiramiz.

Shuningdek, ayni paytda xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizdan mazkur mamlakatning ichki qoidalari va talablariga qat’iy rioya etish hamda faqat O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari va diplomatik vakolatxonalari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy axborotga amal qilish so‘raladi”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish