Nemis matbuoti: Futbol O‘zbekiston diplomatiyasining yangi muloqot maydoniga aylanmoqda

Iyun 27, 2026. 13:00 • 2 daq

83
Nemis matbuoti: Futbol O‘zbekiston diplomatiyasining yangi muloqot maydoniga aylanmoqda

BERLIN, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “diplo.news” axborot-tahliliy portalida “O‘zbekiston futbol diplomatiyasini qanday amalga oshirdi?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda muallif O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga ilk bor yo‘l olganini nafaqat sportdagi tarixiy yutuq, balki mamlakatning xalqaro nufuzi va diplomatik faolligini aks ettiruvchi muhim voqea sifatida baholaydi.

Shuningdek, materialda Berlindagi O‘zbekiston elchixonasi bog‘ida tashkil etilgan jamoaviy tomosha tadbiri oddiy futbol translyatsiyasi emasligi ta’kidlanadi. Qayd etilishicha, mazkur tadbir mamlakatning sportdagi muvaffaqiyatlari, xalqaro hamkorlik salohiyati hamda Germaniya bilan izchil rivojlanayotgan sheriklik munosabatlarini namoyon etuvchi samarali maydon vazifasini o‘tagan.

Maqolada elchi Dilshod Axatovning tadbirdagi nutqiga alohida e’tibor qaratilgan. Unda diplomat GFR Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi, tashrif yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilingani hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishilganini ta’kidlagani qayd etiladi.

Nashrda tashrif doirasida iqtisodiy hamkorlikka alohida urg‘u berilgani, jumladan, barqaror shaharsozlik, “Volkswagen” avtomobillarini rusumli avtomobillarni tayyor yirik agregatlar asosida yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, Andijonda “Rhenus” logistika markazini barpo etish, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, temir yo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda sinov va sertifikatlash markazlarini ochish kabi loyihalar tilga olingan.

Bundan tashqari muallif diplomat Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalariga e’tibor qaratib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga nisbatan xalqaro investitsiyaviy qiziqish sezilarli darajada ortib borayotganini e’tirof etgan.

Umuman olganda, nemis nashridagi mazkur maqola O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ilk ishtiroki Germaniya jamoatchiligi va ekspert doiralarida katta qiziqish uyg‘otganini, shuningdek, sport, madaniyat va diplomatiyani uyg‘unlashtirgan holda mamlakat imijini mustahkamlashga xizmat qilganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish