O‘zbekistonda plastik yo‘llar texnologiyasi joriy etiladi
Iyun 26, 2026. 20:00 • 2 daq
• 74
OSTONA, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda qayta ishlangan plastikdan foydalangan holda yo‘l qurish texnologiyasi joriy etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Qozog‘istonning “Inbusiness.kz” nashriga tayanib.
Yangi texnologiya asfalt-beton qorishmasi tarkibiga qayta ishlanmaydigan plastmassa chiqindilarining ayrim turlarini qo‘shishga asoslangan. Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv chiqindilar hajmini qisqartirish bilan birga, yo‘l qoplamasining mustahkamligi va xizmat muddatini oshirish imkonini beradi.
Qayta ishlangan plastmassa qorishmaning muhim tarkibiy qismi sifatida qo‘llanilishi natijasida qoplama tashqi ta’sirlarga nisbatan chidamliroq bo‘ladi. Dastlabki sinovlar yangi materialning an’anaviy asfaltga nisbatan bir qator texnik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ustunlikka ega ekanini ko‘rsatdi.
Jumladan, ishlab chiquvchilar ma’lumotiga ko‘ra, yangi qoplamaning mustahkamligi odatiy asfaltga nisbatan 2–3 barobar yuqori ekani qayd etilgan. Shuningdek, uning suv singdirish darajasi ham sezilarli darajada kamaygan. Agar standart asfaltda mazkur ko‘rsatkich 1–4 foizni tashkil etsa, «Ekoasfalt»da u taxminan 0,25 foizga teng.
Mualliflarning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar yangi materialning uzoq muddatli xizmat qilishini va yemirilishga yuqori darajada bardoshli ekanini tasdiqlaydi.
Loyihani amalga oshirish doirasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Dastlabki sinovlar natijalari texnologiyaning asosiy texnik va ekspluatatsion mezonlar bo‘yicha samaradorligini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi