“Associated Press Of Pakistan” AA: O‘zbekistonda yaratilgan fermerlarning huquqiy himoyasini taʼminlovchi ijobiy amaliyot dunyoning birorta davlati tajribasida mavjud emas

Iyun 26, 2026. 09:30 • 3 daq

109
“Associated Press Of Pakistan” AA: O‘zbekistonda yaratilgan fermerlarning huquqiy himoyasini taʼminlovchi ijobiy amaliyot dunyoning birorta davlati tajribasida mavjud emas

ISLOMOBOD, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press Of Pakistan” axborot agentligi “Yangi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi takomillashtirilgan tizim fermerlar manfaatlariga xizmat qiladi” sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarning samarali natijalari qalamga olingan. Ushbu o‘zgarishlar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sohani raqamlashtirish hamda bozor mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“Yangi yondashuv natijasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi bosqichma-bosqich maʼmuriy boshqaruvdan iqtisodiy erkinlik va raqobat muhitiga o‘tmoqda,– deyiladi materialda. – Xususan sohani raqamlashtirish orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ajratishda shaffof mexanizm joriy etilib, fermerlarga elektron shaklda auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati va ijara huquqini himoya qilish kafolati yaratildi”.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan faqat zaxirada turgan yerlar hamma uchun ochiq elektron auksion savdolari orqali erkin sotib olish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, yangi tizim bo‘yicha fermerlar ijaraga olgan yerlariga ekinlarni mustaqil joylashtirish mexanizmi joriy etildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 12-avgustda qabul qilingan farmoniga muvofiq 2026 yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘z yer uchastkalarida ekiladigan ekin turlarini “Agroportal” (“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platforma) orqali mustaqil ravishda joylashtiradi. Bunda davlat organlari tomonidan ekinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilash amaliyoti bekor qilindi va maʼlumotlar raqamli platforma orqali shaffof yuritilishi belgilandi.

Raqamli platformalar orqali ekinlarni joylashtirish amaliyoti inson omilini kamaytirib, qaror qabul qilish jarayonini shaffoflashtirmoqda. Bu esa bozor talabidan kelib chiqqan holda mahsulot yetishtirishga sharoit yaratmoqda.

Maqolada fermerlarning faoliyati erkinligini taʼminlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilgani, davlat buyurtmalari tizimi qisqartirilgani qayd etilgan. Yaʼni paxta va g‘alla yetishtirishda erkin bozor tamoyillari bosqichma-bosqich kengayib, fermerlarga xaridorni mustaqil tanlash imkoniyati yaratildi, – deb taʼkidlangan.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga ko‘ra, bugungi kunda fermerlar birja savdolari orqali shartnoma tuzish, mahsulotni erkin realizatsiya qilish va daromadni mustaqil boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mahalliy amaldorlar fermerlarning faoliyatiga aralashsa, ularga tahdid yoki haqorat qilsa, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilandi.

“Associated Press Of Pakistan” axborot agentligi yozganidek, “O‘zbekistonda yaratilgan fermerlarning huquqiy himoyasini taʼminlovchi bu ijobiy amaliyot dunyoning birorta davlati tajribasida mavjud emas”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish