Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemaga qilingan hujum AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi keskinlikka sabab bo‘lmoqda

Iyun 27, 2026. 12:30 • 3 daq

77
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemaga qilingan hujum AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi keskinlikka sabab bo‘lmoqda

VASHINGTON–TEHRON, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijorat kemasiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng AQSH va Eron o‘zaro harbiy zarbalar almashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligi yangiligiga tayanib.

Vashington mazkur hodisani o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvning buzilishi sifatida baholamoqda.

AQSH qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lumotiga ko‘ra, Amerika aviatsiyasi Eron hududidagi raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari omborlari, shuningdek, sohilbo‘yi radiolokasiya inshootlariga zarba bergan.

CENTCOM bayonotida keltirilishicha, harbiy operatsiyaga 25-iyun kuni Singapur bayrog‘i ostida suzib yurgan “Ever Lovely” yuk kemasiga qilingan hujum sabab bo‘lgan. Kema Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan O‘mon qirg‘oqlari bo‘ylab chiqib ketayotgan vaqtda kamikadze-dron hujumiga uchragan.

Vashington ushbu hodisani Eron tomonidan sodir etilgan asossiz tajovuz deb baholab, bu avval erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga zid ekanini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, AQSH harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashda davom etishini ma’lum qilgan.

Prezident Donald Tramp Eron harakatlarini “sulh kelishuvining ahmoqona buzilishi” deb atamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalarga kamida to‘rtta dron uchirgan. Jurnalistlarning AQSHning keyingi harakatlari haqidagi savoliga javoban u: “Buni keyin bilib olasiz”, — deya qisqa izoh bergan.

O‘z navbatida, Tehron barcha ayblovlarni rad etmoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ma’lum qilishicha, “Ever Lovely” kemasi ruxsat etilmagan yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan, AQSHning zarbalari esa avval erishilgan kelishuvlarni buzgan.

IIQK bayonotiga ko‘ra, javob tariqasida Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy kuchlari joylashgan obyektlarga zarbalar berilgan. Shuningdek, bunday harakatlar takrorlansa, yanada keng ko‘lamli javob qaytarilishi haqida ogohlantirilgan.

Eron tomoni AQSH bilan imzolangan kelishuv Tehronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovini nazorat qilish huquqini berganini ta’kidlamoqda. IIQKning ma’lum qilishicha, Vashington turli targ‘ibotlar orqali mazkur majburiyatlarni izdan chiqarishga urinmoqda.

“Ever Lovely” yuk kemasiga qilingan hujum 17-iyun kuni AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan, harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini tiklashni nazarda tutuvchi kelishuvdan keyin fuqarolik kemasiga qarshi sodir etilgan birinchi hujum hisoblanadi.

Hodisadan bir necha kun avval IIQK vakillari xavfsiz kema qatnovi faqat Eron nazoratidagi yo‘nalishlar orqali ta’minlanishini ma’lum qilgan edi.

Hujumdan keyin Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) Ko‘rfaz hududida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan buyon qamalda qolgan 11 mingdan ortiq dengizchi va yuzlab kemalarni evakuatsiya qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini vaqtincha to‘xtatdi.

Ayni paytda, Eron bilan muzokaralarda ishtirok etayotgan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Vashington Eron tomonidan sodir etiladigan har qanday hujumga keskin javob qaytarishini bildirdi.

“Eron o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Biz unga rioya qilamiz. Agar anglashuv memorandumining bajarilishi yuzasidan kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ular bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Lekin zo‘ravonlikka faqat zo‘ravonlik bilan javob qaytariladi”, — deb yozgan u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

“CNN” saytidan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish