O‘zbekistonning «Markaziy Osiyo+» formatidagi faol ishtiroki Qatar tadqiqotchilarida qiziqish uyg‘otmoqda

Sentabr 18, 2026. 11:00 • 2 daq

19
O‘zbekistonning «Markaziy Osiyo+» formatidagi faol ishtiroki Qatar tadqiqotchilarida qiziqish uyg‘otmoqda

DOHA, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Doha shahrida Global strategik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayev ishtirokida “O‘zbekistonning yangi tashqi siyosati: “Markaziy Osiyo+” formati va Qatar bilan strategik munosabatlar” mavzusida maʼruza bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Qatarning ilmiy va taʼlim doiralari, diplomatik korpus, tahlil markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv markazida O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston-Qatar strategik sheriklik istiqbollari turdi.

Maʼruza davomida Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga xizmat qilgani taʼkidlandi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2025-yilda 12,3 milliard dollarga yetdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo+” formatlaridagi ishtiroki hamda Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvning salmoqli qismi O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlandi. Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy muloqoti, 2023–2025-yillardagi oliy darajadagi tashriflar, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati, “Markaziy Osiyo+” formatidagi tashabbuslari, Afg‘oniston bo‘yicha yondashuvi va Qatar bilan strategik hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish