“OCA Magazine”: Britaniyada o‘zbek milliy kurashiga qiziqish ortib bormoqda

Avgust 12, 2026. 10:00 • 2 daq

91
“OCA Magazine”: Britaniyada o‘zbek milliy kurashiga qiziqish ortib bormoqda

LONDON, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “OCA Magazine” jurnalida o‘zbek milliy kurashi rivoji hamda uning xalqaro arenalardagi nufuziga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, Britaniya kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Pol Soyerning taʼkidlashicha, o‘zbek kurashi 1998-yilda xalqaro maydonda debyut qildi. 2012-yilga kelib, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi 100 ga yaqin aʼzo davlatni, jumladan, Buyuk Britaniyani ham birlashtirdi.

1999-yilda tashkil etilgan Britaniya kurash assotsiatsiyasi shundan buyon xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatda ushbu sport turi bo‘yicha turli musobaqalar ham tashkil etib kelinmoqda.

Xususan, 2012-yilda Bornmut shahrida kurash bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Mazkur musobaqa nafaqat yirik xalqaro sport tadbiri, balki Britaniya o‘quvchilari uchun o‘ziga xos taʼlim loyihasiga ham aylangan.

Maqolada yozilishicha, Britaniyada kurash musobaqalarini o‘tkazishda maktab o‘quvchilarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratiladi. Bellashuvlarda ko‘plab o‘quvchi ko‘ngilli sifatida, tarjimon va tashkilotchilarga yordamchi sifatida ishtirok etadi. Ular musobaqa logotipi va talismanini yaratish, ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish hamda madaniy tadbirlarni o‘tkazishda faol qatnashadi.

Tashkil etiladigan kurash musobaqalarida ishtirokchilarga O‘zbekiston tarixi, madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Nashrda qayd etilishicha, kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalar yoshlarda yetakchilik qobiliyati, til va tashkiliy ko‘nikmalar hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday tadbirlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash va O‘zbekiston madaniyatini Buyuk Britaniyada keng targ‘ib etishga ko‘maklashadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish