Xomashyodan texnologiyalarga, aktivlardan daromadga: O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining yangi yo‘nalishi

Sentabr 19, 2026. 17:30 • 2 daq

116
Xomashyodan texnologiyalarga, aktivlardan daromadga: O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining yangi yo‘nalishi

TOSHKENT,-19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov «Mangold Consulting GmbH» kuzatuv kengashi raisi Klaus Mangold boshchiligidagi Germaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuv chog‘ida mineral-xomashyo resurslarini o‘zlashtirish, sanoat kooperatsiyasi, istiqbolli qo‘shma loyihalar, shuningdek, texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Nashrning qayd etishicha, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik strategik mineral resurslarni o‘zlashtirish, ularni chuqur qayta ishlash va davlat aktivlaridan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlarda yangi mazmun bilan boyimoqda. Ushbu sohalardagi muloqotning umumiy maqsadi mavjud resurslardan yuqori iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or boshqaruv tajribasini jalb etishdan iboratdir.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari va strategik mineral resurslarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarini taqdim etdi.

O‘z navbatida, «Mercedes-Benz AG» vakillari xomashyo resurslari sohasidagi o‘zbek-german muloqotiga bag‘ishlangan taqdimot bilan chiqish qildilar. Tomonlar istiqbolli yo‘nalishlarni birgalikda o‘rganish va ushbu sohada hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvning O‘zbekiston uchun ahamiyati mamlakat ichida mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Germaniya kompaniyalarining texnologik tajribasi va investitsiyaviy salohiyati milliy sanoatning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, malakali ish o‘rinlarini yaratish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilishga xizmat qilishi mumkin. Germaniya biznesi uchun esa bunday sheriklik xomashyo ta’minoti manbalarini kengaytirish va uzoq muddatli ishlab chiqarish aloqalarini shakllantirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish