Pokiston OAV: O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi tobora kengaymoqda
May 29, 2026. 13:40 • 3 daq
• 131ISLOMOBOD, 29-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” va “Infora News” ommabop nashrlarida “O‘zbekiston va YEOII: global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida amaliy hamkorlikni kengaytirish” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolalarda shu yil may oyi oxirida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi tadbirlari hamda unda qatnashadigan O‘zbekiston Prezidentining ishtiroki xususida alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keyingi yillarda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tadbirlarida ishtiroki mamlakat tashqi iqtisodiy strategiyasining muhim elementiga aylandi. U amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy o‘zaro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Prezidenti 2025-yildagi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida taʼkidlaganidek, “Global bozorlar parchalanishi kuchayib, logistika zanjirlari murakkablashayotgan va investitsiya resurslarini taqsimlashda ustuvorliklar o‘zgarayotgan bugungi sharoitda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish biz uchun prinsipial ahamiyat kasb etadi”.
Materialda qayd etilganidek, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligining zamonaviy bosqichi 2019-yildan boshlanadi. Shu yili respublika Ittifoq bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini kompleks tarzda o‘rganishga kirishdi. 2020-yil 11-dekabrda O‘zbekiston rasman YEOII huzurida kuzatuvchi davlat maqomini oldi. Bu mamlakatga Ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tizimli muloqot o‘rnatish va integratsion birlashmaning amaliy mexanizmlarini o‘rganish imkonini berdi.
Shu davrdan eʼtiboran, O‘zbekistonning EOII bilan hamkorligi barqaror, tizimli va amaliy yo‘nalish kasb etdi. Ittifoq bilan hamkorlik bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tashkil etildi, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan doimiy maslahatlashuv mexanizmi yo‘lga qo‘yildi, O‘zbekiston hukumati va YEIK o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Keyinchalik tomonlar savdo, sanoat, transport, moliya sohasi va raqamli texnologiyalarni qamrab olgan qo‘shma uch yillik hamkorlik rejalarini amalga oshirishga o‘tdi.
“O‘zbekistonning YEOII tadbirlaridagi yuqori darajadagi ishtiroki ham faollashdi. 2021-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidenti muntazam ravishda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishlarida, hukumat vakillari esa Yevroosiyo hukumatlararo kengashi ishlarida ishtirok etmoqda. Bu hamkorlikning izchil rivojlanayotganini va tomonlarning amaliy o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi”, – deya qayd etilgan manbada.
Pokiston OAV yozganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan hamkorligi barqaror ijobiy dinamikani namoyon qildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning YEOII davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Hozirgi bosqichda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi savdo-iqtisodiy sohadan tashqari raqamli transformatsiya, texnologik hamkorlik va qo‘shma infratuzilmani rivojlantirishni ham qamrab olgan holda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Asosiy ustuvor vazifalardan biri mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va iqtisodiy hamkorlikning yana-da samarali mexanizmlarini yaratishdan iborat.
O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi izchil ravishda tizimli va amaliy yo‘naltirilgan xususiyat kasb etmoqda. Kuzatuvchi davlat maqomidagi nisbatan qisqa davr ichida tomonlar barqaror muloqot mexanizmlarini shakllantirishga, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga va aniq tarmoq hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga erishdi.
O‘zbekiston uchun Yevroosiyo yo‘nalishi iqtisodiy modernizatsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash strategiyasining muhim elementi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, respublika integratsion jarayonlarda milliy iqtisodiy manfaatlar va o‘zaro manfaat tamoyilidan kelib chiqqan holda moslashuvchan va pragmatik ishtirok modelini saqlab qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Polshadan munosabat: O‘zbekistonda kam mablag‘ bilan ham mazmunli sayohat zavqini surish mumkin

“Volkswagen” joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin




