Pokiston OAV: 2026-yilning 6 oyida O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan yuk tashish hajmi 8,5 mln tonnani tashkil etdi

Oktabr 12, 2026. 10:30 • 2 daq

• 157
Pokiston OAV: 2026-yilning 6 oyida O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan yuk tashish hajmi 8,5 mln tonnani tashkil etdi

ISLOMOBOD, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Times International News Service”, “The Daily Big Digit”, “Urdu Times”, “Daily Digital Posts”, “Daily Sapeher Times” nashrlarida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning Yevroosiyo makonidagi roliga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolalarda yozilishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlarning transport-logistika sohasidagi hamkorligi mintaqaviy integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanib bormoqda.

TDT doirasidagi hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanmoqda. 2025-yilda tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi, uning o‘sish sur’ati (6,8 foiz) esa global ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqori bo‘ldi.

Transport ko‘rsatkichlari ham ushbu tendensiyani ifodalaydi. Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan eksport-import yuk tashuvlari 8,5 million tonnani tashkil etib, umumiy xalqaro tashuvlarning qariyb 29 foizini qamrab oldi.

Nashrlarda 2026-yil 15-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammit yakunida qabul qilingan Deklaratsiya haqida alohida to‘xtalib, ushbu hujjatda transport sohasiga oid qator amaliy vazifalar belgilangani ta’kidlangan.

Turkiston sammitida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta yo‘lakning strategik o‘rnidan kelib chiqib, uni qurilishi jadal davom etayotgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etgan.

Materiallarda qayd etilishicha, mintaqa integratsiyasida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” va “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” temir yo‘l loyihalari alohida o‘rin tutadi. Birinchi loyiha Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga olib boradigan eng qisqa yo‘lakni shakllantirsa, ikkinchisi Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo‘l tizimlari bilan bog‘laydi.

So‘nggi yillarda Transkaspiy yo‘lagiga ham e’tibor ortib bormoqda. O‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekiston yuklarining Boku porti orqali tranziti ikki barobarga oshib, 2025-yilda 1,2 million tonnaga yetdi. 2026-yilning yanvar–iyun oylari yakunlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 0,5 million tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga oshgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish