Misr matbuoti: O‘zbekistondagi xalqaro ko‘rgazmaga 16 mamlakatdan 150 nafardan ortiq ishtirokchi jalb etilmoqda

Oktabr 11, 2026. 15:30 • 2 daq

• 149
Misr matbuoti: O‘zbekistondagi xalqaro ko‘rgazmaga 16 mamlakatdan 150 nafardan ortiq ishtirokchi jalb etilmoqda

QOHIRA, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Misrning «Alawste Alalamia News» va «Eldameer» nashrlarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan «MiningMetals Uzbekistan – 2026» xalqaro ko‘rgazmasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Xususan, «Alawste Alalamia News» nashrida yozilishicha, O‘zbekistonda kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga qaratilgan «MiningMetals Uzbekistan 2026» xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Ushbu xalqaro ko‘rgazma joriy yilning 27–29-oktyabr-kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazish rejalashtirilgan. «Iteca Exhibitions» hamda «ICA Eurasia» kompaniyalari hamkorligida tashkil etilayotgan ko‘rgazma o‘zining 20-yilligini nishonlaydi. Unda 16 mamlakatdan 150 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashishi rejalashtirilgan.

Ko‘rgazmada kon qazish va metallni qayta ishlash uskunalari, xomashyoni tashish texnologiyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish, sanoat xavfsizligi sohasidagi yechimlar namoyish etiladi. Germaniya milliy paviloni bilan ishtirok etadi, Xitoy va Turkiya kompaniyalarining ham keng ishtiroki kutilmoqda.

«Eldameer» nashrida ta’kidlanishicha, ko‘rgazma davomida O‘zbekistonning milliy ekspozitsiyasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tashkil etiladigan ushbu pavilonda mamlakatning yirik tarmoq korxonalari, jumladan, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, «O‘zmetkombinat», O‘zbekiston texnologik metallar kombinati hamda «Navoiyuran» ishtirok etadi.

Ko‘rgazmaning muhim qismi sifatida «Resurslardan global imkoniyatlar sari» shiori ostida VIII xalqaro kon-metallurgiya forumi (UIMF–2026) ham tashkil etiladi. Ushbu tadbir soha vakillari, davlat idoralari, investorlar, texnologik kompaniyalar va ilmiy doiralar o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish