Janubiy Koreya matbuoti: Markaziy Osiyo turizm halqasining yaratilishi mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Oktabr 13, 2026. 15:00 • 2 daq
• 164
SЕUL, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi nashri - “Diplomacy Journal” nashrida Markaziy Osiyoning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo yagona mintaqaviy turistik makonni shakllantirish uchun noyob ustunliklarga ega. Mintaqa mamlakatlarida madaniy-meros turizmi, ziyorat turizmi, gastronomik, etnografik, ekoturizm va sarguzashtli turizm kabi zamonaviy yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun g‘oyat katta imkoniyatlar mavjud.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish strategik yo‘nalishlardan biriga aylangani, u iqtisodiyotni yuksaltirish bilan birga, xalqaro sheriklikni mustahkamlash va madaniy almashinuvlarni kengaytirishda ham muhim rol o‘ynayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarni birlashtiruvchi ko‘p tomonlama sayyohlik marshrutlarini kengaytirish, qo‘shma “Ipak yo‘li” turlarini tashkil etish hamda xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlar yuqori baholangan.
Maqola yakunida bunday hamkorlikning izchil kengayishi O‘zbekistonning sayyohlik jozibadorligini oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va turistik industriyaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi alohida ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi