“Financia Digital News”: 2017–2025-yillarda TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga 11,5 milliard dollar investitsiya jalb etildi
Oktabr 13, 2026. 13:00 • 3 daq
• 142
ISLOMOBOD, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Financia Digital News” nashrida “O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanganidek, Turkiy davlatlar tashkiloti bugun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bozorlarini bog‘laydigan yirik iqtisodiy hududlardan birini qamrab olmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TDT mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 1,2 trln dollardan oshgan. Ushbu ko‘rsatkichlar TDT makonidagi iqtisodiy hamkorlik uchun katta bozor mavjudligini ko‘rsatadi.
Maqolada O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalari atroflicha tahlil qilingan. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning turkiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar tashqi savdoni diversifikatsiya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
“2025-yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollarga yetdi. Shundan eksport 33,8 mlrd dollar, import 47,4 mlrd. dollarni tashkil qildi. Mamlakatning yirik savdo sheriklari qatorida Qozog‘iston bilan tovar aylanmasi 5 mlrd. dollar, Turkiya bilan 3 mlrd. dollarni tashkil etdi”, – deb yozgan elektron nashr.
Qozog‘iston va Turkiyaning o‘zi O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb o‘ndan bir qismini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Vengriya bilan iqtisodiy aloqalar qo‘shilganda, TDT makoni O‘zbekiston uchun alohida mintaqaviy savdo bozori sifatida namoyon bo‘ladi.
Bunday struktura ikki muhim xususiyatni ko‘rsatadi. Birinchidan, O‘zbekistonning TDT bozoriga eksporti xomashyo bilan cheklanmaydi va unda sanoat tovarlari hamda mashinalarning salmog‘i yuqori. Ikkinchidan, import tarkibida energiya resurslari, sanoat tovarlari va uskunalarning mavjudligi TDT mamlakatlari bilan savdo ichki ishlab chiqarish jarayonlariga ham bog‘liq ekanini anglatadi.
Shu sababli keyingi bosqichda tovar ayirboshlash hajmidan tashqari o‘zaro sanoat kooperatsiyasi darajasi ham muhim ko‘rsatkich bo‘lib boradi.
Pokiston OAV, shuningdek, savdo aloqalari bilan bir vaqtda TDT mamlakatlaridan O‘zbekistonga investitsiyalar oqimi ham sezilarli oshgani haqida yozgan.
“2017–2025-yillarda TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 11,5 mlrd. dollardan oshdi. Faqat 2025-yilning o‘zida 3,8 mlrd. dollar investitsiya jalb qilingan. Turkiya 2,4 mlrd. dollar bilan TDT mamlakatlari orasida O‘zbekistonning yirik investori bo‘lgan. Mablag‘lar asosan qayta ishlash sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va logistikaga yo‘naltirilgan”, – deya ta’kidlangan.
Maqolada, TDT iqtisodiy arxitekturasidagi eng muhim institutsional o‘zgarishlardan biri Turkiy investitsiya jamg‘armasining amaliy faoliyatga o‘tganidir deya urg‘ulangan
“2025-yilda uning ustav kapitali 500 mln. dollardan 600 mln. dollarga oshirildi. O‘zbekistonning ulushi 100 mln. dollarni tashkil etadi. Jamg‘armaning iqtisodiy ahamiyati faqat uning o‘z kapitali hajmi bilan o‘lchanmaydi. Asosiy masala ushbu kapitaldan boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish uchun foydalanish imkoniyatidadir”, – qayd etgan “Financia Digital News”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi