“Al Khabar Al Youm”: O‘zbekiston “MiningMetals Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga 16 ta davlatdan mutaxassislarni jalb qilmoqda

Oktabr 13, 2026. 17:00 • 2 daq

• 147
“Al Khabar Al Youm”: O‘zbekiston “MiningMetals Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga 16 ta davlatdan mutaxassislarni jalb qilmoqda

QOHIRA, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 27–29-oktabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “MiningMetals Uzbekistan 2026” 20-Xalqaro “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallga ishlov berish” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Misrning nufuzli “Al Khabar Al Youm” nashrida ta’kidlanishicha, nufuzli tadbir “Iteca Exhibitions International Company” tomonidan “ICA Eurasia Group” guruhi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Bu yil o‘zining yigirma yillik yubileyini nishonlayotgan mazkur ko‘rgazma respublikamizda tog‘-kon va metallurgiya tarmog‘ining yetakchi platformasi hisoblanadi. Anjuman doimo eng so‘nggi yechimlar va innovatsiyalarni namoyish etish, sheriklik aloqalarini rivojlantirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish uchun qulay sharoit yaratib kelgan.

Bugungi kunga qadar 16 ta davlatdan 150 dan ortiq eksponent o‘z ishtirokini tasdiqladi. Ular qatoriga Avstraliya, Belarus, Germaniya, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Kanada, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Rossiya, Serbiya, Turkiya, O‘zbekiston, Finlyandiya va Estoniya davlatlari kirdi.

Tashrif buyuruvchilar tog‘-kon mashinalari va foydali qazilmalarni boyitish uskunalari, metallga ishlov berish jihozlari, mineral xomashyoni tashish va qayta ishlash yechimlari, raqamlashtirish, avtomatlashtirish hamda sanoat xavfsizligi texnologiyalari bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘rgazmada Germaniya milliy stendi hamda Xitoy va Turkiya ishlab chiqaruvchilarining keng ko‘lamli ekspozitsiyalari ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tashkil etilgan milliy stend mamlakatimizning yetakchi korxonalari – Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” AJ, O‘zbekiston metallurgiya texnologiyalari majmuasi va “Navoiyuran” kompaniyasini bir joyga jamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish