“The diplomatic Insight”: O‘zbekiston va Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
Sentabr 04, 2026. 21:30 • 2 daq
• 88
ISLOMOBOD, 4-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” portalida “O‘zbekiston va Serbiya ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik istiqbollarini kengaytirmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda O‘zbekiston va Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash va ekologik taʼlim sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqayotgani taʼkidlangan.
“O‘zbekiston–Serbiya atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri o‘rmon xo‘jaligi va o‘rmonlardan barqaror foydalanish sohasida tajriba almashish sanaladi. Serbiya o‘rmon resurslarini boshqarish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish borasida salmoqli amaliy tajribaga ega. Ushbu tajribani o‘rganish O‘zbekistonda tabiiy hududlar va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha yondashuvlarni yana-da takomillashtirish uchun amaliy ahamiyat kasb etadi”, – deyilgan maqolada.
Yana bir istiqbolli yo‘nalish – ekologik taʼlim va ilmiy-akademik hamkorlikdir. Xususan, Serbiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish taklif etilyapti.
Bunday loyihalar qo‘shma taʼlim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi qo‘shma tashabbuslarni qamrab olishi mumkin.
“O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish – ilg‘or tajribalar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ekologik va investitsiyaviy loyihalarni rag‘batlantirish, ilmiy-taʼlimiy aloqalarni mustahkamlash hamda barqaror rivojlanish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini ilgari surish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, – deb yozilgan “The Diplomatic Insight”da.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi