O‘zbekiston Prezidenti Toshkentdagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi

Sentabr 04, 2026. 18:10 • 4 daq

5
O‘zbekiston Prezidenti Toshkentdagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi

TOSHKENT, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, zamonaviy sanʼat markazi – O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining yetakchi loyihalaridan biri. Uning barpo etilishi davlatimiz rahbarining tashabbusi, mamlakatimizda madaniyatni rivojlantirish, ijodiy muhitni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.

Davlatimiz rahbari xalqimizning boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda haqli ravishda katta qiziqish uyg‘otishini qayd etdi. So‘nggi yillarda yurtimizda ushbu bebaho boylikni tiklash, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz zamonaviy sanʼatni ham izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Zamonaviy sanʼat bugungi avlodning dunyoqarashi, ijodiy izlanishlari va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etib, jahon hamjamiyati bilan madaniy muloqotni kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning madaniy qiyofasini yana-da mustahkamlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

Shu nuqtai nazardan, yangi Zamonaviy sanʼat markazi ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun ochiq maydonga, mamlakatimiz va xorijdagi zamonaviy sanʼat ustalarini o‘ziga jalb etadigan maskanga aylanishi lozim. Bu yerda O‘zbekistonning bugungi madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etadigan yangi g‘oyalar, professional aloqalar va loyihalar shakllanishi muhim.

Ushbu markaz O‘zbekistonda zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, taʼlim, tadqiqot va maʼrifiy faoliyatni birlashtirgan bunday ko‘lamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.

Yangi markaz 1912-yilda meʼmor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi bo‘lgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.

Binoni restavratsiya qilish bo‘yicha meʼmoriy konsepsiya Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.

Prezidentimiz ko‘rgazma va taʼlim maydonlari, jamoat hududlarini ko‘zdan kechirdi. Majmuada uchrashuvlar va ommaviy dasturlar uchun maydonlar, konsept-do‘kon hamda restoran tashkil etilgan. Keng jamoatchilik uchun ochiq ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida sanʼat, vizual madaniyat va tanqidiy nazariyaga oid adabiyotlar hamda materiallar jamlangan.

Markazda ko‘rgazmalar, leksiyalar, ochiq suhbat va muhokamalar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari tashkil etiladi. Ushbu dasturlar mahalliy ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, yangi kasbiy amaliyotlarni joriy etish hamda keng jamoatchilikning zamonaviy sanʼatdan bahramand bo‘lishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.

Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar o‘z loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa taʼlim dasturlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi.

Bunday infratuzilma mamlakatimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar taʼlim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan madaniyat sohasidagi davlat siyosati vazifalariga to‘la mos keladi.

Majmua o‘z faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi. Ko‘rgazma bilim, maʼnaviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar o‘rin oladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya namoyish etilishi alohida eʼtiborga molik.

Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. AQSHdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbariga markazning kelgusidagi ko‘rgazma, taʼlim va tadqiqot dasturlari haqida maʼlumot berildi. Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, o‘zbekistonlik ijodkorlarini xalqaro maydonda keng tanitish va yurtimizning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Prezidentimiz markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq, jonli ijodiy makonga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xalqaro aloqalarni kengaytirish, yurtimizga zamonaviy sanʼatning taniqli namoyandalarini jalb etish hamda mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyiha madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Yangi O‘zbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga, zamonaviy g‘oyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida yana-da keng namoyon etishga xizmat qiladi.

Markazning rasmiy ochilishi 6 sentyabrga rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish