“The Gulf Observer”: Toshkent forumida ko‘plab davlatlarning yetakchi moliya tashkilotlari birlashadi

Iyun 01, 2026. 16:55 • 2 daq

110
“The Gulf Observer”: Toshkent forumida ko‘plab davlatlarning yetakchi moliya tashkilotlari birlashadi

ISLOMOBOD, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” portalida Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston o‘zini Yevroosiyo investitsiya markazi sifatida namoyon etmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi geosiyosiy yetakchilik va global investitsiya arxitekturasi o‘rtasidagi tobora kuchayib borayotgan yaqinlashuvni aks ettiradi. Xalqaro tadbirda nufuzli maʼruzachilar va mehmonlar ishtirok etadi.

Ishtirokchilar tarkibi forum anʼanaviy investitsiya platformasi doirasidan chiqib, davlat rahbarlari, bosh vazirlar, moliya va savdo vazirlari, rivojlanish banklari rahbarlari hamda yirik xalqaro moliya institutlari vakillarini birlashtirgan yuqori darajadagi diplomatik va iqtisodiy muvofiqlashtirish maydoniga aylanganini ko‘rsatadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum Markaziy Osiyo davlatlari, Yevroosiyoning asosiy yetakchilari va ayrim Yevropa mamlakatlari rahbarlari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni aks ettiradi. Bu esa Toshkent xalqaro investitsiya forumining hukumatlararo iqtisodiy muvofiqlashtirish platformasi sifatidagi rolini yana-da mustahkamlaydi.

Forumda, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va suveren investitsiya tashkilotlarining yetakchi vakillari qatnashadi. Ular orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti ham bor. Uning ishtiroki Markaziy Osiyo bo‘ylab mintaqaviy rivojlanishni moliyalashtirish va infratuzilma loyihalariga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha institutsional hamkorlik izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Toshkentda o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli tadbirda savdo, energetika va iqtisodiy rivojlanish sohalari uchun masʼul bo‘lgan ko‘plab mamlakatlar vazirlarining ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.

Bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumi maʼruzachilari va taniqli mehmonlari tarkibi O‘zbekistonning global investitsiya diplomatiyasi hamda geoiqtisodiy muvofiqlashtirish markazlaridan biri sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadan oliy va yuqori darajadagi vakillarning ishtiroki Toshkent forumi so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda muhim muloqot va hamkorlik platformasiga aylanganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish